Eronning og‘ir suv zavodi ishdan chiqdi
Olam
−
09:04 3504 2 daqiqa
Eronning g‘arbiy qismidagi Xondab shahrida joylashgan og‘ir suv ishlab chiqarish zavodi Isroil zarbasi oqibatida jiddiy shikastlandi va faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va mavjud ma’lumotlarga tayanib, Xalqaro atom energiyasi agentligi xabar berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu ob’ekt hududida rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tgan yadroviy materiallar bo‘lmagan.
Eronning “Fars” davlat axborot agentligi ham zavod bombardimon qilinganini tasdiqlagan. Eron rasmiylari hodisa oqibatida qurbonlar yo‘qligini va radioaktiv moddalarning sizib chiqishi kuzatilmaganini bildirgan. Keyinchalik Isroil harbiylari zarbani aynan o‘zlari berganini tan olib, bunga sabab sifatida Eronning zavodni o‘tgan yilgi hujumdan keyin tiklashga urinayotganini ko‘rsatgan.
Xondabdagi zavod bilan bir majmuaga kiruvchi og‘ir suv reaktori ham 2025 yilning iyun oyida AQSH va Isroil tomonidan o‘tkazilgan avvalgi harbiy operatsiya vaqtida zarbaga uchragan. O‘shanda agentlik ushbu ob’ekt hali to‘liq qurib bitkazilmaganini va unda yadroviy materiallar mavjud emasligini bildirgan.
Og‘ir suv oddiy suvga nisbatan taxminan 10 foiz zichroq bo‘lib, tarkibida vodorodning og‘ir izotopi mavjud. U yadroviy reaktorlarda neytronlarni sekinlashtirish uchun ishlatiladi, shuningdek tritiy deb ataluvchi radioaktiv vodorod izotopini olishda ham qo‘llanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Isroil Eronning Natanzdagi uranni boyitish majmuasiga zarba bergandi. Tashkilot ushbu zarbani “xalqaro qonunlar va majburiyatlar, jumladan, Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaning buzilishi” deb atagan.
Live
Barchasi