Erondagi norozilik namoyishlarida kamida olti kishi halok bo‘ldi

Olam

image

Eronda og‘ir iqtisodiy vaziyat va yuqori inflyatsiya fonida boshlangan besh kunlik norozilik namoyishlari chog‘ida 6 kishi halok bo‘ldi va 17 kishi jarohat oldi. Halok bo‘lganlar orasida xavfsizlik xodimi ham bor. Bu haqda “AlJazeera” xabar qildi.

Qayd etilishicha, 1 yanvar kungi holat bo‘yicha noroziliklar vaqtida kamida olti kishi halok bo‘lgan. Shu kuni Eron davlat televideniyesi g‘arbiy Lorestan viloyatining Kuhdasht shahrida Basij militsiyasi a’zosi o‘ldirilganini ma’lum qildi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) mazkur hodisada namoyishchilarni aybladi. Biroq Hengaw inson huquqlari tashkiloti halok bo‘lgan shaxs xavfsizlik kuchlari tomonidan o‘ldirilgan namoyishchi bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Norozilik namoyishlari 28 dekabr kuni Tehronda boshlangan. Avvaliga mobil telefon sotuvchilari, keyinchalik boshqa soha vakillari mamlakatdagi iqtisodiy ahvol yomonlashayotganiga norozilik sifatida do‘konlarini yopgan. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa yirik shaharlarga ham tarqalgan.

30 dekabr kuni namoyishchilar va huquq-tartibot organlari o‘rtasida dastlabki to‘qnashuvlar yuz bergan. Xavfsizlik kuchlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan. Xabarlarga ko‘ra, noroziliklar tez orada siyosiy tus olib, namoyishchilar “Diktatorga o‘lim” va “Qirol uzoq umr ko‘rsin” kabi shiorlarni ilgari surishgan.

30 dekabr kuni Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Ichki ishlar vaziriga namoyishchilar va kasaba uyushmalari bilan muloqot o‘rnatib, ularning qonuniy talablarini tinglashni buyurganini e’lon qildi. Shu bilan birga, xavfsizlik kuchlari noroziliklarni “tashqi kuchlar ishtirokidagi fitna” deb baholab, fuqarolarni namoyishlarda qatnashmaslikka chaqirmoqda. 

Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, 1 yanvar kuni Tehronda jamoat tartibini buzganlikda gumon qilinib, 30 kishi hibsga olingan.

Ma’lumot o‘rnida, Eron iqtisodiyoti hozirda qariyb 40 foizlik inflyatsiya hamda yadroviy dastur bilan bog‘liq G‘arb sanksiyalari bosimi ostida qolmoqda. Prezident Pezeshkian inflyatsiyani pasaytirish va aholi turmush darajasini yaxshilashga va’da bermoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Eron norozilik namoyish Islom inqilobi Hengaw

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing