Erondagi namoyishlarda halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar bormi?
Jamiyat
−
14 yanvar 11198 2 daqiqa
O‘tgan 2025 yilning dekabr oyi oxiridan beri Eron poytaxti Tehronda mahalliy valyuta – eron riali qiymatining keskin pasayishi ortidan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda va ayni tartibsizliklar avjiga chiqqan. Namoyishlar fonida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burhonov vazirlik vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini va namoyishlarda halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasining Erondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar namoyishlar davomida jabrlanganlar orasida mamlakat fuqarolari qayd etilmagan.
“Shu munosabat bilan, Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolaridan miting va namoyishlarda ishtirok etmaslikni, odamlar ko‘p to‘planadigan joylardan yiroq bo‘lishni hamda shaxsiy xavfsizlik choralariga qat’iy rioya etishni so‘rab qolamiz”, degan vazirlik matbuot xizmati.
Qo‘shimcha qilinishicha, o‘zbekistonliklar zarur hollarda mamlakatning Tehron shahridagi elchixonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishi mumkin: +982122299780; +982122832025.
Eron hududida ommaviy norozilik namoyishlari o‘tgan yilning 28 dekabridan beri davom etmoqda. Dastlab ular og‘ir iqtisodiy vaziyat va milliy valyuta kursining keskin pasayishi sababli boshlangan, biroq tez orada siyosiy mazmun ham kasb etgan.
Nizolar fonida Qo‘shma Shtatlar o‘z fuqarolarini Eronni zudlik bilan tark etishga chaqirgan. Mamlakatdagi Amerika fuqarolari internetda keyingi uzilishlarga duch kelishi kutilmoqda. 13 yanvar kuni AQSHning Tehrondagi virtual elchixonasi veb-saytida joylashtirilgan xabarga ko‘ra, muqobil aloqa vositalarini oldindan ko‘rib chiqishlari kerak.
Shuningdek, amerikaliklarga Eronni Armaniston yoki Turkiya orqali quruqlik orqali tark etishni ko‘rib chiqish tavsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Reuters” agentligi Eronda norozilik namoyishlari boshlangandan beri, xavfsizlik xodimlari bilan birga 2000 ga yaqin odam halok bo‘lgani haqida xabar bergandi.
Live
Barchasi