Eronda uch kunlik motam e’lon qilindi
Olam
−
28 aprel 9261 1 daqiqa
Joriy yilning 25 aprel oqshomida Eronning Xormuzgon viloyatidagi Shahid-Rajai portida yuz bergan portlash oqibatida 18 kishi halok bo‘lgani munosabati bilan mamlakatda 3 kunlik motam e’lon qilindi. Bu haqda IRIB xabar berdi.
Xormuzgon gubernatori Muhammad Ashurining aytishicha, halok bo‘lganlar soni ortishi mumkin. U hozirgacha 750 kishi jarohat olgani va ular shifoxonalarga joylashtirilganini, 200 nafariga uyiga javob berilganini ma’lum qildi.
“Portlash oqibatida ma’muriy bino vayron bo‘ldi, ko‘plab avtomobillar va yaqin atrofdagi uylar zarar ko‘rdi. 27 aprel tongidagi ma’lumotlarga ko‘ra, qutqaruvchilar hali ham yong‘inni bartaraf etish ishlarini davom ettirmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, portlashga natriy perxlorat – ballistik raketalar uchun qattiq yonilg‘i tayyorlashda ishlatiladigan asosiy modda sabab bo‘lgani haqida dastlabki ma’lumotlar mavjud. Eron Milliy neftni qayta ishlash va taqsimlash kompaniyasi bayonotiga ko‘ra, portlash neftni qayta ishlash zavodlari, yonilg‘i omborlari, taqsimlash komplekslari yoki neft quvurlari bilan bog‘liq emas, ushbu ob’ektlar doimiy ishlashda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eronning Bandar-Abbos shahridagi Shahid-Rajai porti hududida ro‘y bergan portlash oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani, katta talafotlar ko‘rilgani munosabati bilan Prezident Mas’ud Pezeshkiyonga ta’ziya maktubini yo‘llagandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr