Eronda motam e’lon qilindi
Olam
−
04 yanvar
6159Bugun, 4 yanvar kuni Eronda general Qosim Sulaymoniy dafn etilgan Kirmon shahridagi qabriston yaqinida sodir bo‘lgan ikki portlashda halok bo‘lganlar uchun motam kuni deb e’lon qilindi. Bu haqda IRNA agentligi xabar berdi.
Kirmon viloyatining o‘zida ham uch kunlik motam e’lon qilingan.
Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy qurbonlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan va barcha rasmiylarni “jabrlanganlarga zudlik bilan yordam berishga” chaqirgan.
“Bu qo‘rqoqlik harakatining aybdorlari va yetakchilari tez orada aniqlanib, jazolanadi” deya ta’kidlagan Prezident.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, portlashlar oqibatida kamida 103 kishi halok bo‘lgan, 188 kishi jarohatlangan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 yanvar kuni Eronning Kirmon shahrida Quds kuchlari qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘limining to‘rt yilligiga bag‘ishlangan marosim o‘tkazilayotgan qabriston yaqinida ikkita portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda 100 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mazkur terakt oqibatida vafot etganlarning oila a’zolariga va Eron xalqiga hamdardlik bildirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Kirmondagi terakt munosabati bilan Eron rahbariyatiga hamdardlik bildirib, Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy va Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyga tegishli maktub yo‘lladi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi esa qabriston yaqinidagi portlashlarni keskin qoraladi.
LiveBarchasi