Eronda josuslikda ayblangan britaniyalik juftlik qo‘lga olindi
Olam
−
19 fevral
3348Joriy yilning yanvar oyida Eronning Kirmon viloyatida hibsga olingan britaniyalik Kreyg va Lindsi Formanlar josuslikda ayblanmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, er-xotin butun dunyo bo‘ylab mototsiklda sayohat qilib, 30 dekabr kuni Armanistondan Eronga o‘tgan. Eron hukumati tomonidan josuslikda ayblangunga qadar, ular mamlakatda besh kun qolishni rejalashtirgan. Formanlar yanvar oyida Eronning Kirmon shahrida hibsga olingan bo‘lsa-da, biroq ularning xavfsizlik yuzasidan qamoqqa olinganligi haqidagi xabar o‘tgan hafta paydo bo‘ldi.
Mamlakat sud hokimiyati vakili Asg‘ar Jahongirning aytishicha, juftlik “52 yoshli er-xotin sayyohlar” niqobi ostida Eronga kirgan va mamlakatning ko‘plab viloyatlarida ma’lumot to‘plagan.
Doktorlik darajasiga ega psixolog Lindsi Forman hibsga olinishidan oldin ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida yangi hayot boshlash uchun Britaniyadan ko‘chib ketayotganligi haqida yozgan.
“Bu shaxslar tadqiqot va sayohat bahonasida dushman va G‘arb davlatlarining razvedka xizmatlariga aloqador tashkilotlar bilan hamkorlik qilishgan. Ular razvedka idoralari tomonidan kuzatildi va keyinchalik rejalashtirilgan operatsiya doirasida hibsga olindi” , deydi Asg‘ar Jahongir.
Kirmon viloyati bosh sudyasi Hojatulislom val-Muslimin Hamidiyning so‘zlariga ko‘ra, bu shaxslarning razvedka xizmatlariga aloqador bir qancha muassasalar bilan aloqasi tasdiqlangan va qo‘shimcha tekshiruvlar davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning Ashkelon shahrida istiqomat qiluvchi Moti Maman Eron razvedkasi bilan hamkorlik qilganlikda gumonlanib, hibsga olinganligi haqida xabar berilgan edi.
Bunyod Keldiboyev
LiveBarchasi
Trenddagilar

