Eron va Latviyadan kelgan o‘zbekistonliklarga karantindan javob berildi

Jamiyat

image

Koronavirus infeksiyasi  COVID-19 ning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida bir guruh o‘zbekistonliklar chet eldan qaytarilgan edi.  Ular viloyatlarda joylashgan karantin markaziga joylashtirilgandi.

Jumladan, Erondan olib kelingan 37 nafar va Latviya davlatidan qaytgan 175 nafar kishi Namangan viloyati, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda “Kosonsoy” sihatgohida karantin kuzatuviga olingan edi. Kecha, 31 mart kuni ularning karantin muddati tugadi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 14 kun mobaynida karantin kuzatuvida bo‘lgan 212 nafar fuqarodan 187 nafari respublikamizning turli hududlarida istiqomat qiladi. Ular “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan “Namangan-Toshkent-Urganch” yo‘nalishida harakati yo‘lga qo‘yilgan 901-sonli maxsus yo‘lovchi poyezdida o‘z yashash manzillariga yetkazib qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Xabarda aytilishicha, dezinfeksiyalangan vagonlardan tashkil topgan mazkur yo‘lovchi poyezdi 31 mart kuni soat 09:00 da Namangan temir yo‘l vokzalidan harakatini boshlagan. Harakat jadvaliga ko‘ra, maxsus poyezd 1 aprel kuni soat 14: 57 da Urganch vokzaliga kirib boradi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan “Umid gulshani” sanatoriysida 14 kunlik karantinga joylashtirilgan 111 nafar fuqaro, belgilangan muddat o‘tagach, doimiy yashash manziliga kuzatilgan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 172 nafarga yetdi. Ularning 8 nafari kasallikdan forig‘ bo‘ldi, 2 kishi vafot etdi. 

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

72

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing