Vaziyat barqaror bo‘lsa, nega OTMlar an’anaviy ta’limga qaytmayapti?
Jamiyat
−
24 dekabr 2020
14762O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgan bo‘lsa, nega hamon oliy ta’lim muassasalarida an’anaviy ta’lim jarayonlariga qaytilmayapti? O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarda oliy ta’lim muassasalari faoliyatini an’anaviy shaklda tiklash bo‘yicha o‘zi qaror qabul qilishi mumkinligi haqida aytilgan bo‘lsa-da, OTMlar bunga jasorat topa olmayapti.
Xo‘sh, O‘zbekistondagi OTMlarda nega an’anaviy ta’lim tiklanmayapti? Ushbu savolga tibbiyot fanlari nomzodi, SSV huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva javob berdi:
“Birinchidan, biz ta’lim jarayonlari ta’lim muassasalari xodimlari hamda talabalari uchun xavfsiz bo‘lgan muhitda olib borilishini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Onlayn ta’lim qanchalik yaxshi bo‘lmasin, talabalar olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlaydi, buning uchun esa ular an’anaviy ta’limni davom ettirishlari lozim. An’anaviy ta’limda bir necha soat davomida bir xonada o‘nlab talabalar va pedagog dars o‘tishlari kerak. Bunday holat infeksiyani tarqalishini kuchaytirishi mumkin.
Ikkinchidan, yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan kurashish bo‘yicha olib borilgan tizimli ishlar natijasida vaziyatning barqarorligiga erishganimiz katta yutuq. Lekin hozirda barcha yaxshi tushunadi, AQSH, Yevropa va MDH davlatlarida bu kasallik keskin ko‘paymoqda. Buning sababi esa, odamlarning karantin qoidalariga to‘liq rioya qilmasliklari va ko‘pchilik bo‘lib to‘planishlari, odam gavjum joylarda himoyalanmay yurishlaridir. Tabiiyki, bu bizni yanada xushyor bo‘lishga undaydi.
Uchinchidan, yana shuni ham unutmasligimiz kerakki, talabalar yosh, harakatchan va faol bo‘lib, ko‘proq odamlar bilan muloqotda bo‘lishadi. Bu esa, kasallikni bir insondan boshqa insonga o‘tishini, OTM o‘qituvchilari va talabalar turar joylarida yashaydiganlar orasida tarqalishini, shuningdek, ularning oilalarida ota-onasi yoki farzandlariga yuqish ehtimolini kuchaytiradi”.
Ubaydullayevaga ko‘ra, 7 dekabr kuni oliy ta’lim muassasalarini kasallik o‘chog‘iga aylantirmaslik maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining qo‘shma qarori qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatdagi OTMlar 2021 yilning 16 yanvaridan an’anaviy ta’lim qaytishi haqida xabarlar tarqalgandi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bu gaplar haqiqatdan yiroq ekanini ma’lum qildi.
LiveBarchasi