Koronavirusning yangi shtammi qanday yuqyapti? Mutaxassis tushuntirish berdi
Salomatlik
−
04 yanvar 2021
26248Ma’lumki, oxirgi vaqtlarda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, ayniqsa, Yevropada mintaqasida koronavirusning yangi shtammi aniqlanib, ushbu xastalikka chalinganlar soni ortib bormoqda. Shu bois O‘zbekiston qator mamlakatlar, xususan koronavirusning yangi shtammi doyasi sanalayotgan Buyuk Britaniya bilan ham aviaqatnovlarni to‘xtatdi. Xo‘sh, ushbu xavfli virusning yangi shtammi qanday? U eskisidan nimasi bilan farqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva bu haqda ma’lumot berdi.
“2020 yil koronavirus pandemiyasi bilan esda qoldi. Bu virusning asoratlarini avvaliga tushunmadik. Shunga qaramasdan, o‘z vaqtida bu kasallikni davolash, kasallik asoratlarining oldini olish va tarqalishini nazorat qilish orqali koronavirusdan kasallanish holatlarining nisbatan kamayishiga erishdik”, deydi Sevara Ubaydullayeva.
Mutaxassisning ma’lum qilishicha, hozirda mamlakatda koronavirus infeksiyasi bilan bir qatorda yuqumli bo‘lgan boshqa infeksiyalar ham nazoratga olingan.
“Bu ko‘chalarda bemalol yurishimiz mumkin, degani emas. Sababi, hozir dunyoda ham, yurtimizda ham koronavirus infeksiyasi to‘liq yo‘q bo‘lib ketmadi. Ayniqsa, bu infeksiya boshqa viruslardan farqli o‘laroq, tez-tez mutatsiyaga uchramoqda. Xususan, Buyuk Britaniyada mutatsiyaga uchragan yangi shtammi tezlik bilan tarqalmoqda. Oxirgi sutka davomida dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishning 740 221 yangi holati aniqlanishi, eng achinalisi, 12 502 nafar bemor vafot yetgani bizni hushyor torttirishi kerak.
Avval ham ta’kidlaganimizdek, yangi shtamm tahlillari shuni ko‘rsatmoqdaki, mutatsiyadan so‘ng virusning toj oqsillarida o‘zgarish bo‘lgan – bular virusning odam tanasi hujayralari qobig‘idan o‘tib, ichkariga kirishida kalit vazifasini o‘tovchi qismidir. Virus shu tojlar orqali tana hujayrasi yuzasi bilan kontaktga kirishadi. Ishlab chiqilayotgan vaksinalar koronavirusning tashqi qobig‘i, ya’ni yog‘ kislotasi mavjud S-oqsilli qobig‘iga ta’sir qiladi. Koronavirus mutatsiyaga uchrab, o‘z genetik shtammini o‘zgartirsa ham vaksinalar uning yangi shtammlariga ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risida Buyuk Britaniya va Rossiya olimlari ta’kidlab kelmoqda”, deydi mutaxassis.
Buyuk Britaniya olimlarining ta’kidlashicha, koronavirusning bu shtammi infeksiyaning odatiy turiga ko‘ra yuqumliligi 71 foizni tashkil etadi, ya’ni birlamchi paydo bo‘lgan koronavirus infeksiyasiga qaraganda o‘ta yuqumlidir. Shu bois, bu kasallik kirib kelishining oldini olish maqsadida 20 dan ortiq davlatlar Buyuk Britaniya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatdi.
“Dunyodagi ko‘pgina davlatlar o‘z ixtiyori va imkoniyatidan kelib chiqib, boshqa davlatlardan kirib kelayotgan fuqarolarni tekshiruvdan o‘tkazmoqda. Bu bilan koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olishga qisman erishmoqdalar. Xususan, bizda ham har bir chegara xududlarida, aviaqatnov yoki temir yo‘llar orqali kirib kelayotgan fuqarolar tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Bu kasallik tarqalishining oldini olishda yurtimizdagi har bir fuqaroning mas’uliyati juda muhim. Shu bois, eng avvaalo, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, kasallik tarqalishining oldini olishda va boshqalarga yuqtirishdan himoyalanishda eng qulay usuldir”, deydi Sevara Ubaydullayeva.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir hafta ichida aviaqatnovlar orqali xorijdan O‘zbekistonga kirib kelgan 21 kishida koronavirus aniqlandi.
LiveBarchasi