Koronavirusning yangi shtammi ko‘proq o‘limlarga sabab bo‘ladimi?
Salomatlik
−
06 yanvar 2021
13377Buyuk Britaniyada paydo bo‘lib, bugungacha 41 mamlakatga yoyilishga ulgurgan koronavirusning yangi shtammi haqiqatan ham avvalgisiga qaraganda xavflimi? U oldingisiga qaraganda ko‘proq o‘limlarga sabab bo‘lishi rostmi? Ushbu savollarga Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Botir Qurbonov javob berdi.
“Mutatsiyaga uchragan yangi turdagi koronavirus Buyuk Britaniyada keng tarqalmoqda. Britaniya qirolligi bo‘ylab cheklovlar e’lon qilingan, lekin odamlar orasidagi kontakt to‘liq uzilmagani tufayli yangi turdagi virus tez tarqalib ketgan. Dastlab virusning yangi shtammi Daniya, JAR va Avstraliyada aniqlangan edi.
O‘zbekiston 2020 yilning 21 dekabridan Britaniya va yangi shtamm aniqlangan boshqa 8 ta mamlakatlar bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan”, deydi Botir Qurbonov.
Mutaxassisga ko‘ra, virus mutatsiyaga uchrash oqibatida yangi turi paydo bo‘lgan. Uning mutatsiyaga uchrashiga odamlar o‘rtasidagi kontaktlar uzilmay qolgani va ko‘pchilik karantin qoidalariga rioya qilmay qo‘ygani sabab bo‘lishi mumkin.
“Sentyabrda aniqlangan yangi shtamm Londonda shu qadar tez tarqaldiki, bugun poytaxtda koronavirus yuqtirganlarning 65 foizida aynan mutatsiyaga uchragan koronavirus aniqlangan. Ma’lum qilinishicha, yangi virus oldingisidan 70 foizga yuqumliroq bo‘lishi mumkin.
Virus mutatsiyaga uchrashi yangilik emas. Uxanda tarqalgan koronavirus mutatsiyaga uchrab, fevralda yangi shtamm Yevropada juda keng tarqalib ketgandi. Butun dunyo bo‘ylab virusning aynan mana shu turi eng keng tarqaldi. Yozda avval Ispaniyada dam olayotgan sayyohlarda aniqlangan va keyinchalik keng tarqalgan A222V turdagi koronavirus ham mutatsiyaga uchragandi.
Immuniteti sust bo‘lgan odamning tanasiga tushgan koronavirus rivojlanib, mutatsiyaga uchrashi oqibatida yangi turdagi virus paydo bo‘lishi mumkin. Bu virus oldingisiga qaraganda ko‘proq o‘limlarga sabab bo‘lishi isbotlanmagan”, deydi Qurbonov.
2019 yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida tarqalgan yangi turdagi koronavirus 2020 yilning 15 mart kuni O‘zbekistonga yetib keldi. Xo‘sh, koronavirusning navbatdagi shtammi mamlakat chegaralarini bosib o‘tmasligi uchun qanday choralar ko‘rilmoqda. Botir Qurbonov bu haqda shunday deydi?
“Yangi shtammning O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish maqsadida chet eldan kirib kelayotgan fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazish, ekspress usulida antigen test sinamalari o‘tkazish, shifoxonalarga joylash, karantinga olish va muloqotda bo‘lganlarni izolyatsiya qilish tadbirlari davom ettirilmoqda.
Dastlabki shtammdagi koronavirus infeksiyasida bo‘lgani kabi bu shtammda ham niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish, qo‘llarni antiseptiklar bilan zararsizlantirish eng samarali usullar hisoblanadi. Shuningdek, agar zarurat bo‘lmasa chet mamlakatlarga chiqish, turli yig‘inlarni tashkil etish va ishtirok etishdan tiyilgan ma’qul”.
LiveBarchasi