Eron Ukraina samolyoti ikki raketa bilan urib tushirilganini tan oldi

Olam

image

Eronda “Ukraina xalqaro havo yo‘llari” aviakompaniyasining Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyoti bir emas, ikki raketa bilan urib tushirilgan. Eron fuqaro aviatsiyasi tashkilotining ikkinchi hisobotida samolyot “Tor-M1” zenit-raketa majmuasining kichik radiusli “yer-havo” tipidagi raketasi bilan urib tushirilgani qayd etilgan.

Hisobotda keltirilishicha, “Tor-M1” ZRMning ikki raketasi Boeing 737-800 samolyotiga qarata shimol tarafdan uchirilgan. Raketa samolyotga urilganidan keyin havo kemasi balandlikni yo‘qota boshlagan. Keyin istirohat bog‘ida to‘siqqa urilgan va yerga qulagan. So‘ng, layner futbol maydonidan o‘tib, butunlay vayron bo‘lgan va yonib ketgan.

Hujjatga ko‘ra, samolyot Tehrondan mahalliy vaqt bilan soat 6:12 da uchgan, Boeing 2,4 ming metr balandlikka ko‘tarilganda aloqa yo‘qolgan. Layner soat 6:18 da radarda butunlay ko‘rinmay qolgan. Mehrobod aeroportidagi dastlabki kuzatuv radarlariga ko‘ra, samolyot soat 6:15 da to‘g‘ri yo‘nalishdan chiqib, burila boshlagan va “ehtimol” aeroport tomonga qarab yana 3 daqiqa uchgan.

Ukraina samolyotining Eronda halokatga uchrashi

Joriy yilning 8 yanvar kuni “Ukraina xalqaro havo yo‘llari” aviakompaniyasining Boeing 737-800 yo‘lovchi samolyoti Tehrondan Kiyevga uchganidan ko‘p o‘tmay quladi. Samolyot bortida bo‘lgan 176 kishining barchasi halok bo‘ldi.

Oradan 3 kuni o‘tib, 11 yanvar kuni Eron samolyot raketa bilan urib tushirilganini tan oldi va bu inson xatosi tufayli yuz berganini ma’lum qildi.

Eron aybini tan olgach, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rasmiy Tehron oldiga qator talablar yo‘qdi. Ularning orasida, aybdorlarni jazolash va qurbonlar oilasiga kompensatsiya to‘lash ham bor edi. Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Ukrainadan rasman kechirim so‘rab, Zelenskiyning barcha talablariga rozi bo‘ldi.

Buning ortidan samolyot halokatida fuqarolari halok bo‘lgan boshqa davlatlar Afg‘oniston, Kanada, Buyuk Britaniya, Shvetsiya ham Erondan kompensatsiya talab qildi.

Bu orada Amerika OAV Ukraina samolyoti ikki raketa bilan urib tushirilgani tasvirlangan videoni e’lon qilgandi. Unda ikki raketa bir daqiqa orasida samolyotga urilganini ko‘rish mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

aviahalokat Ukraina-Eron

Baholaganlar

90

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing