Eron tirik qolgan olimlarini Isroildan yashirdi
Olam
−
09 avgust 2025 9912 2 daqiqa
Eron yadroviy dasturda ishlayotgan, halok bo‘lmagan olimlarni Isroil hujumlaridan himoya qilish maqsadida yashirin va xavfsiz hududlarga joylashtirdi. Bu haqda “The Telegraph” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Isroil operatsiyalari davomida 30 dan ortiq eronlik tadqiqotchi o‘ldirilgan. Shu sababli Tehron xavfsizlik choralarini keskin kuchaytirib, olimlarni oddiy uylaridan Tehron va shimoliy sohil bo‘ylab joylashgan xavfsiz villalarga ko‘chirgan. Olimlarning avvalgi uylarida yashashi va universitetlarda dars berishi taqiqlangan. Ularning o‘rnini yadroviy izlanishlarga aloqasi yo‘q xodimlar egallagan.
Tirik qolgan mutaxassislar doimiy qo‘riqlanadigan rezidensiyalarda joylashtirilgan. Nashr Isroil qo‘lidagi ro‘yxatdan 100 ga yaqin shaxsdan 15 dan ortig‘ining ismlarini ko‘rgani va ular hozir ikki yo‘l – hayotini xavf ostiga qo‘yib ishni davom ettirish yoki butunlay kasbini o‘zgartirish oralig‘ida turganini yozadi. Isroil ularni strategik nishon deb bilishda davom etmoqda.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Eron Ruzbeh Vodi ismli bir olimini Isroil bilan hamkorlikda ayblab, iyun oyidagi urush paytida hamkasblarini o‘ldirishga yordam bergani uchun osib qo‘ygan. Shu voqeadan so‘ng hukumat boshqa olimlarni yanada kuchliroq himoya qilish choralarini ko‘rgan.
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Eron yadroviy dasturini shunday tashkil qilganki, har bir muhim olimning o‘rnini bosuvchi yordamchisi bor va ular 2-3 kishilik kichik guruhlarda ishlaydi. Qolganlar orasida portlovchi moddalar, neytron fizikasi va jangovar kallak ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassislar bor.
Eslatib o‘tamiz, Isroil Eronni yadroviy tahdidda ayblab, 13 iyun tongida birinchi zarbani bergan edi. Oradan 17 soat o‘tib Eron javob zarbasini yo‘lladi va shundan so‘ng tomonlar raketa hujumlarini davom ettirdi. 22 iyun kechasi AQSH Isroilga yordam sifatida Eronning yadroviy ob’ektlariga zarba berdi. 23 iyun oqshomida AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron va Isroil to‘liq va har tomonlama o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini e’lon qildi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025