Eron Suriyadan harbiylar va diplomatlarni evakuatsiya qilishni boshladi – NYT
Olam
−
07 dekabr
2442Eron hukumati diplomatlari va harbiy maslahatchilarini Suriyadan evakuatsiya qila boshladi. Bu haqda manbalariga tayanib, "The New York Times" (NYT) xabar berdi.
Bildirilishicha, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining ayrim a’zolari allaqachon mamlakatni tark etib, Livan va Iroqqa evakuatsiya qilingan. Shu bilan birga, 2 dekabr kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘oi harbiy maslahatchilar Suriyada qolib, Damashqqa teraktlarni qaytarishda yordam berishini ma’lum qildi.
NYT manbalariga ko‘ra, ba’zi eronlik diplomatlar oilalari, shuningdek, islomiy respublikaning oddiy fuqarolari bilan birga Suriyani tark etgan. Ularning bir qismi Tehronga samolyotda yetib borgan bo‘lsa, boshqalari quruqlik orqali Livan, Iroq va Suriyaning Latakiya portiga yo‘l olgan.
Shu bilan birga, gazeta Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi shu hafta Damashqqa tashrif buyurganini, Bashar Asad bilan uchrashganini va uni Eron har tomonlama qo‘llab-quvvatlashiga ishontirganini yozdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta hukumatga qarshi kuchlar Suriyaning Idlib va Halab viloyatlariga hujum boshlagandi. Ular bir qator aholi punktlarini o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘ldi.
LiveBarchasi