Eron SHHT sammitini AQSH siyosatiga qarshi imkoniyat deb baholadi
Olam
−
12:58 419 2 daqiqa
Eron Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etishni Fors ko‘rfazi atrofida AQSH tomonidan yuzaga keltirilgan keskinlik sharoitida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish uchun strategik imkoniyat deb hisoblamoqda. Bu haqda Eron parlamenti Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat komissiyasi a’zosi Alaeddin Borujerdiy Tehronda jurnalistlarga ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Eronning geografik joylashuvi, rivojlangan avtomobil va temiryo‘l tarmoqlari, shuningdek, Kaspiy dengizi orqali o‘tuvchi transport yo‘nalishlari SHHT doirasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyat yaratadi.
“Geografik joylashuvimiz, rivojlangan quruqlik, temiryo‘l va Kaspiy yo‘nalishlarimiz, shuningdek, AQSH tomonidan mintaqada yuzaga keltirilgan inqiroz fonida SHHT maydoni mintaqa davlatlari bilan iqtisodiy sheriklikni kengaytirish va Vashingtonning ekspansionistik siyosatiga qarshi turish uchun oltin imkoniyatdir”, degan Borujerdiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron SHHT imkoniyatlaridan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va mintaqa davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida foydalanishi mumkin.
Ayni paytda Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkilotining yubiley sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Qirg‘izistonning tashkilotdagi raisligi “25 yil SHHT: barqaror tinchlik, taraqqiyot va farovonlik sari birgalikda” shiori ostida o‘tkazilmoqda.
Sammitda mintaqaviy xavfsizlikdan tortib, sun’iy intellektdan iqtisodiyotda foydalanishgacha bo‘lgan masalalar muhokama qilinmoqda. Yig‘ilish yakunida ishtirokchilar Bishkek deklaratsiyasini qabul qilishi rejalashtirilgan. Uning loyihasi avvalroq SHHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari tomonidan kelishib olingan.
Hozirda SHHT tarkibiga Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy raisi Si Szinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin SHHT sammitida strategik sheriklikni yanada mustahkamlanganini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi