Si va Putin SHHT sammitida strategik sheriklikni yanada mustahkamlanganini bildirdi

Olam

image

Xitoy raisi Si Szinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 31 avgust kuni Bishkekda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda DW xabar berdi.

Uchrashuv Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi va Eron atrofidagi keskinlik kuchaygan sharoitda bo‘lib o‘tgan.

Qayd etilishicha, Si Szinpin Putin bilan uchrashganidan xursand ekanini bildirib, Rossiya va Xitoy munosabatlari “yanada mustahkamlangani”ni ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tartibdagi noaniqlik va oldindan aytib bo‘lmaslik darajasi sezilarli oshgan, biroq Moskva va Pekin o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari ijobiyligicha qolmoqda.

Putin esa ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik “barcha yo‘nalishlarda muvaffaqiyatli rivojlanayotgani”ni aytgan. U energetika, sanoat, kosmos, transport va logistika sohalarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etgan.

“Hozirgi murakkab geosiyosiy vaziyatni hisobga olgan holda, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama sheriklik hamda strategik hamkorlik davlatlararo munosabatlarning namunasi hisoblanadi”, degan Rossiya Prezidenti.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, muzokaralar chog‘ida Ukrainadagi urush masalasi qisqacha tilga olingan, asosiy e’tibor esa ikki tomonlama savdo-iqtisodiy masalalarga qaratilgan.

Qayd etish joiz, G‘arb sanksiyalari fonida Rossiya iqtisodiyoti Xitoy bilan savdoga tobora ko‘proq bog‘lanib bormoqda.

Ma’lumot uchun, bugun, 1 sentyabr kuni Qirg‘izistonning Bishkek shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yilligiga bag‘ishlangan sammit rasman start oldi. Sammitda SHHTga a’zo barcha 10 davlat rahbarlari ishtirok etmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Chuy viloyatidagi balandligi 4050 metr bo‘lgan nomsiz tog‘ cho‘qqisiga “Shanxay hamkorlik tashkiloti cho‘qqisi” nomini berish to‘g‘risida farmon imzolagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing