Eron razvedkasi 20 ga yaqin davlatni 2022 yilgi norozilik namoyishlarini uyushtirganlikda aybladi
Olam
−
20 iyun 2023
7480Eron Qurolli kuchlarining elita bo‘linmasi hisoblanadigan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK)ning razvedka xizmatlari mamlakatda 2022 yil kuzida norozilik namoyishlari tashkil etilishi ortida 20 ga yaqin davlat maxsus xizmatlari turganiga ishonch bildirmoqda. Bu haqda kecha, 19 iyun kuni IIQK razvedka boshqarmasi boshlig‘i Muhammad Kazemi bayonot berdi.
“IIQK razvedka tashkilotlari tomonidan olib borilgan tekshiruvlar 1401 yilda (2022 yil kuzida) mamlakatni qamrab olgan tartibsizliklarda deyarli 20 davlat maxsus xizmatlari ishtirok etganini ko‘rsatmoqda. Ushbu sohada faol ishlagan davlatlar orasida AQSH, Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Fransiya, Germaniya, Kanada, Belgiya, Avstriya, Albaniya, Avstraliya, Islandiya, Italiya, (tan olinmagan) Kosovo, Norvegiya, Bahrayn, Yangi Zelandiya va sionistik rejim (Isroil) kabi davlatlarni alohida ta’kidlash joiz”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Kazemi Fransiya elchixonasi xodimlari Eron hududi bo‘ylab namoyishlar va xavfsizlik kuchlarining joylashuvi haqida tezkor ma’lumot to‘plash maqsadida bu ma’lumotlarni “Yevropaning boshqa davlati” razvedka xizmatlari bilan almashishganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, Kazemining qayd etishicha, tilga olingan davlatlar turli G‘arb davlatlari fuqarolari bilan bir qatorda Afg‘oniston, Pokiston va Iroq fuqarolaridan ham ma’lumot to‘plash uchun foydalangan. Mazkur ayblovlar asosida Eronga “qo‘shni davlatlardan biri”ning 40 nafar fuqarosi, shuningdek, Germaniya fuqarosi hamda Fransiya va Irlandiyaning ikki fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxs qo‘lga olingan.
IIQK razvedka xizmati rahbari, shuningdek, BAA va Isroil razvedkasi vakillari ma’lum bir arab davlati hududida vaqti-vaqti bilan uchrashib, Erondagi norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlash masalasini muhokama qilganini ham ta’kidlagan. Qayd etilgan davlatlar rasmiylari bu ayblovlarga hozircha izoh bermagan.
Eronda norozilik namoyishlari
Eronda ommaviy norozilik namoyishlari 2022 yil 16 sentyabrda 22 yoshli Mahsa Amini dafn marosimidan keyin boshlangan. Rasmiy versiyaga ko‘ra, politsiya Aminini noto‘g‘ri ro‘mol kiygani uchun hibsga olgan va so‘roq paytida u yurak xurujiga uchragan va vafot etgan. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqida ma’lumot tarqaldi. 7 oktyabr kuni Eron sud-tibbiyot ekspertizasi tashkiloti qizning o‘limi sabablari bo‘yicha rasmiy hisobot e’lon qilib, u jarohat olmaganini bildirgan, biroq bu versiya namoyishchilarga ishonarli ko‘rinmagan.
Saudiya Arabistonining “Ash-Sharq al-Awsat” gazetasiga ko‘ra, miting va yurishlar bir necha oy ichida Eronning 157 ta shahar va qishloqlarini qamrab olgan. Ularning ishtirokchilari demokratik o‘zgarishlarga chaqirib, hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan repressiyalarni qoralagan va hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qilgan.
Shu paytgacha Eron rasmiylari Buyuk Britaniya, Isroil, Saudiya Arabistoni va AQSH maxsus xizmatlari tomonidan tartibsizliklarni uyushtirishga aloqadorlikda ayblab kelgan.
LiveBarchasi