Eron Isroilga misli ko‘rilmagan zarbalar berdi (video)
Olam
−
09:15 23188 2 daqiqa
Isroil, AQSH va Eron o‘rtasidagi mojaroning keskinlashuvi fonida Eron harbiylari “Haqiqiy va’da-4” operatsiyasining 61-to‘lqini doirasida Isroilning eng yirik shahri – Tel-Avivga misli ko‘rilmagan zarbalar berdi. Bu haqda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi xabar berdi.
Korpusning ma’lumotiga ko‘ra, 100 dan ortiq nishon yo‘q qilingan. Isroil bu zarbalarga munosabat bildirmagan.
Qayd etish joiz, ushbu zarbalar Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Larijoniyning o‘ldirilishiga javob sifatida yo‘llangan.
Larijoniyning o‘limi
17 mart kuni Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats Ali Larijoniy tungi havo zarbasi oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik bu xabarni Tehron ham tasdiqladi.
Larijoniy bilan birga uning o‘g‘li, o‘rinbosari va qo‘riqchilari ham halok bo‘lgan. Bundan tashqari, “Basij” xalq lashkari qo‘mondoni, general-mayor G‘ulomrizo Sulaymoniy ham zarba qurboni bo‘lgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti boshlanganidan beri Eron rahbariyatining ko‘plab yuqori martabali vakillari halok bo‘lgan. Ular orasida oliy rahbar Oyatulloh Ali Xomanaiy ham bor.
Yangi Oliy rahbar etib uning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy tayinlangan, biroq u saylanganidan beri jamoatchilikka ko‘rinmagan. Tehron uning jarohat olganini tasdiqlagan.
Ali Larijoniy haqida
Ali Larijoniy Iroqda, Oyatullohlar oilasida tug‘ilgan. U Tehron universitetida G‘arb falsafasi bo‘yicha doktorlik darajasini olgan. U siyosiy faoliyatini 1990 yillarda boshlagan. 1992 yilda Madaniyat va islomiy yo‘nalish vazirligiga rahbarlik qilgan. 1994–2004 yillarda Eron teleradioeshittirish tashkilotini boshqargan. 2005 yilda Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi va mamlakatning yadroviy dasturi bo‘yicha bosh muzokarachisi bo‘lgan. 2025 yilda yana shu lavozimga qaytgan.
2008–2020 yillarda Eron parlamenti – Majlis spikeri bo‘lib ishlagan. Shuningdek, prezidentlikka nomzod bo‘lgan.
Live
Barchasi