Eron endi yanada agressiv siyosat olib boradi – ekspert
Olam
−
22 may
10577Eron yangi Prezident saylanganidan so‘ng, yanada agressiv tashqi siyosat olib borishi mumkin. Bunday fikrni jahon siyosati va iqtisodiyoti, shuningdek, AQSHning harbiy-strategik faoliyatiga ixtisoslashgan publitsist Uilyam Engdal bildirdi.
Eronda prezidentlik saylovlari joriy yilning 28 iyuniga belgilangan. Turkiyalik ekspertlar asosiy kurash parlamentning sobiq va amaldagi spikerlari Ali Larijoniy va Muhammad Bag‘ir G‘olibaf o‘rtasida kechishi mumkinligini istisno qilmayapti.
“Eronning vafot etgan Prezidenti Ibrohim Raisiy Eronning harbiy yoki diplomatik siyosatida hal qiluvchi shaxs emas, balki ichki jarayonlarga ta’sir ko‘rsatgan. U qattiq status-kvoni ifodalagan va mamlakatning keyingi diniy rahbari sifatida ko‘rilgan. Raisiyning o‘limi Eronda hokimiyat bo‘shlig‘ini yaratdi, bu bo‘shliqni katta ehtimol bilan konservativ va kalxat siyosatchi to‘ldiradi. Eron prezidentining o‘limi jahon diplomatiyasida ham bo‘shliqni yuzaga keltiradi, G‘arb Eron bilan munosabatlarda, ayniqsa, yadroviy kelishuv haqida gap ketganda, nufuzli suhbatdoshni ko‘rishni istaydi”, deydi ekspert Turkiyaning “Haber Global” telekanali efirida.
Uning qayd etishicha, Erondagi prezidentlik saylovlari oldidan Tehron va Tel-Aviv o‘rtasidagi mojaroda, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar bilan bilvosita muzokaralarda salbiy yoki ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini kutmaslik kerak. Bu bosqichda qarorni Eronning ruhiy rahbari Ali Xomanaiy qabul qiladi.
Ma’lumot uchun, 19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha, halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Respublika saylov shtabining matbuot kotibi Muhsin Islomiy Eronda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni Tabriz shahrida Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan rasmiylar bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tgandi. 22 may kuni Eron poytaxti Tehron shahrida Prezident Ibrohim Raisiy bilan vidolashuv marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etishi ma’lum qilindi.
LiveBarchasi