Eron AQSH va Buyuk Britaniyaning Yamanga tajovuzini qoraladi

Olam

image

Eron Tashqi ishlar vazirligi so‘zlovchisi Ismoil Bagay kecha, 9 yanvar kuni Yamanning Sana, Xodeyda va Amran viloyatlaridagi infratuzilmalarga AQSH va Buyuk Britaniyaning yangi hujumlarini keskin qoraladi. Bu haqda IRNA xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, bu jinoiy harakatlar qahramon Yaman xalqining Falastinning mazlum xalqini qo‘llab-quvvatlash va birdamlikdagi qat’iyatiga putur yetkaza olmaydi.

“AQSH va Buyuk Britaniyaning Yaman infratuzilmalariga qarshi takroriy tajovuzlari jinoyatchi sionistik rejimni qo‘llab-quvvatlash maqsadida va soxta rejim tomonidan mazlum falastinliklarga qarshi davom etayotgan genotsidga muvofiq amalga oshirilmoqda”, deya qo‘shimcha qildi u.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi bu hujumlarni xalqaro huquq va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillarini qo‘pol ravishda buzish va Xalqaro jinoyat sudining Rim statutiga ko‘ra “tajovuz jinoyati”ning yaqqol namunasi deb atadi.

Bagay BMT Xavfsizlik kengashining G‘azoda davom etayotgan genotsid va AQSH, Buyuk Britaniya hamda sionistik rejimning Yamanning hayotiy infratuzilmalariga qarshi harbiy tajovuzlari bilan bog‘liq harakatsizligini keskin qoraladi va xalqaro hamjamiyatni, xususan, islomiy va diniy tashkilotlarni jiddiy choralar ko‘rishga chaqirdi.

Yamanning mahalliy manbalari kecha, 9 yanvar kuni ertalab OAVga agressiv AQSH-Buyuk Britaniya koalitsiyasi Isroil rejimini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yamanni yangidan bombardimon qilganini aytdi.

Yamanning “Al-Masirah” telekanali erta tongda Amerika va Britaniya bosqinchi jangovar samolyotlari Xodeyda, Amron va Sana viloyatlaridagi hududlarni bombardimon qilgani haqida xabar berdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyi boshida Qo‘shma Shtatlar va Britaniya Yamandagi husiylar nazorati ostidagi Sana va Xodeyda shaharlariga bir qator havo hujumlarini boshlagandi. Koalitsiya kuchlari Sanadagi bir nechta nishonlarga hujum qilib, Qizil dengizda joylashgan Xodeydaning g‘arbiy qismidagi Al-Kutib hududiga kamida to‘rtta zarba bergan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Buyuk Britaniya Yaman tajovuz bombardimon Sana Ismoil Bagay Xodeyda Amran

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing