Eron harbiy qo‘mondonlari o‘ldirildi – OAV
Olam
−
13 iyun 17421 2 daqiqa
Bugun, 13 iyunga o‘tar kechasi Isroilning Eronga uyushtirgan hujumi ortidan mamlakat Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general-polkovnik Muhammad Bag‘iriy, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bosh qo‘mondoni Huseyn Salamiy hamda Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning maslahatchisi Ali Shamxoniy o‘ldirildi. Bu haqda SEPAH cyber xabar berdi.
Qayd etilishicha, Oyatulloh Ali Xomanaiyning farmoniga ko‘ra, Habibullo Sayyoriy Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan. Sobiq ichki ishlar vaziri Vohidiy esa Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni lavozimini egallagan.
Mazkur tayinlovga qadar Sayyoriy Eron armiyasi bosh qo‘mondonining o‘rinbosari bo‘lgan. Yuqoridagi harbiy tuzilmalar rahbarlari – Salamiy va Bag‘iriy esa ilgariroq Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lgan.
Shuningdek:
- IIQK Aerokosmik kuchlari qo‘mondoni Amir Ali Hojizoda;
- Eron Atom energetikasi tashkiloti rahbari Fereydun Abbosiy;
- Eron Bosh shtabining “Xotam al-Anbiya” Markaziy shtabi qo‘mondoni general-mayor G‘ulom Ali Rashid ham o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.
Oyatulloh Ali Xomanaiy Isroil hujumi yuzasidan bayonot berib, bir qator eronlik qo‘mondonlar halok bo‘lganini tasdiqladi, biroq ularning ismini ochiqlamadi. Shuningdek, u Isroilga “og‘ir jazo” bilan tahdid qildi.
“Bugun tongda sionistik rejim bizning hududimizda jirkanch jinoyat sodir etdi – u turarjoy hududlarini nishonga olib, o‘zining yovuz tabiatini fosh etdi. Endi u og‘ir jazo kutishini bilishi kerak. Allohning irodasi bilan Eron Qurolli kuchlarining qudratli qo‘li bu jinoyatni javobsiz qoldirmaydi. Ushbu hujumda bir qator qo‘mondonlarimiz va olimlarimiz shahid bo‘ldi. Ularning o‘rnini zudlik bilan davom ettiruvchilar egallaydi va missiyasini davom ettiradi. Bu jinoyat orqali sionistik rejim o‘ziga achchiq va alamli taqdirni muhrladi va u bu taqdirga albatta duch keladi”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronning bir qator yadro ob’ektlari va yuqori qo‘mondonlik binolariga hujum qilganini xabar qilgan edi. Ushbu hujum oqibatida bir qator eronlik qo‘mondonlar va yadroviy tadqiqotlar bo‘yicha olimlar halok bo‘lgani aytilmoqda.
Buning ortidan endi Isroilga raketa otilishi mumkinligi munosabati bilan O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ushbu mamlakatdagi o‘zbekistonliklarga tezkor ehtiyot choralarini ko‘rishni qat’iy tavsiya qilmoqda. Eron Islom Respublikasida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan ham xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish so‘ralmoqda.
Shuningdek, Eron havo hududining yopilishi munosabati bilan bir nechta reyslar Toshkentdagi muqobil aerodromga yo‘naltirildi.