AQSH 24 soat ichida Eronga hujum qiladi
Tahlil
−
15 yanvar 8628 7 daqiqa
Eronda namoyishchilarning 19 kuni davom etmoqda. Dastlab mamlakat ichki qo‘zg‘olonidek ko‘ringan namoyish, Amerika va Isroil aralashuv fonida xalqaro nizoga aylanib ketdi. 14 yanvar kuni AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga yaqin 24 soat ichida hujum qilishini aytdi. Bunga javoban Eron agar AQSH tomonidan hujum uyushtirilsa, Tehron o‘z hududida joylashgan Amerika harbiy bazalariga zarba berishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Vashington tezkorlik bilan Yaqin Sharqdagi bazalaridan harbiylarning bir qismini olib chiqib ketdi.
Xususan, Qatar hududidagi AQSHning Al-Udayd aviabazasidagi ayrim harbiylarga 14 yanvar kechga qadar bazani tark etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Biroq bu jarayon evakuatsiya emas, balki shunchaki qayta joylashtirish ekanini aytildi.
Qo‘shma shtatlarining Eronga qilgan hujum tahdidi fonida 14 yanvardan - 15 yanvarga o‘tar kechasi Eron o‘z havo hududini barcha samolyotlar uchun yopdi. Cheklovlar Toshkent vaqti bilan 15 yanvar kuni tungi soat 00:45 da kuchga kirgan va ertalabki soat 8 da ochildi. Bu vaqtda barcha mamlakatlar Eron osmonini aylanib o‘tdi. Ayrim mamlakatlar o‘z fuqarolarini zudlik bilan mamlakatdan chiqib ketishga chaqirdi.
15 yanvar kuni Eron va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi fonida Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning samolyoti mamlakat tashqarisiga chiqarib yuborildi. Netanyaxuga tegishli “Sion qanotlari” nomli samolyot Isroil janubidan parvoz qilib, mamlakat havo hududini tark etgan. Bosh vazirning o‘zi bo‘lmagan samolyotning yo‘nalishi haqidagi ma’lumot oshkor qilinmagan. E’tiborli jihati shundaki, bunday chora ilgari ham qo‘llanilgan. 2025 yil iyun oyida Eron-Isroil mojarosi paytida ham Netanyaxuning samolyoti mamlakatdan chiqarib yuborilgan va Gretsiyaga ko‘chirilgan edi.
Eron so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li, muxolifat vakili Rizo Pahlaviy Islomiy rejim qulagan taqdirda Eronning harbiy yadroviy dasturi tugatilishi, AQSH bilan munosabatlar normallashtirilishi va Isroil davlatini darhol tan olinishini ma’lum qildi. Pahlaviyning fikricha, “erkin Eron” hukumati yadroviy harbiy dasturdan voz kechib, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar savdosi va ekstremistik islomga qarshi kurashda xalqaro hamkorlar bilan kelishuvda ishlaydi.
“Xavfsizlik va tashqi siyosat sohasida Eronning harbiy yadroviy dasturi tugatiladi. Terrorchi guruhlarga ko‘mak ham to‘xtatiladi. Erkin Eron terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalar savdosi va ekstremistik islomga qarshi kurashda mintaqaviy va global hamkorlar bilan birga harakat qiladi”, degan u.
Shuningdek, uzoq yillardan beri dunyoviy va demokratik Eron tarafdori bo‘lib kelayotgan “sobiq valiahd shahzoda” yangi hokimiyat AQSH hamda Isroil bilan munosabatlarini yaxshilashini va Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishini aytib o‘tgan.
“Diplomatiyada AQSH bilan munosabatlar normallashtiriladi va Amerika hamda uning xalqi bilan do‘stlik aloqalari tiklanadi. Isroil davlati darhol tan olinadi. Biz Ibrohim kelishuvlarini “Kir II kelishuvlari”ga kengaytirishga intilamiz – bu erkin Eron, Isroil va Arab dunyosini birlashtiradi”, degan Pahlaviy X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.
Hozirgi paytda Eron hukumati internet va mobil aloqa xizmatlariga cheklovlar joriy qilgani sababli tartibsizliklar qurbonlari sonini aniq aniqlash qiyinlashgan. Donald Tramp Eronda hokimiyat tepasiga Pahlaviyning kelishiga hali ertaligini aytdi. Uning fikriga ko‘ra, hozircha Eronning so‘nggi shohining to‘ng‘ich o‘g‘li Rizo Pahlaviy islom respublikasida qo‘llab-quvvatlanishi mumkinligi haqida gapirishga erta.
“U juda yoqimtoy ko‘rinadi, lekin uning o‘z mamlakatida qanday rol o‘ynashini bilmayman. Aslida, biz hali bu bosqichga yetib kelganimiz yo‘q. Biz ko‘p narsani o‘rganyapmiz. Ammo hali gapirishga erta. Uning o‘z mamlakati bilan qanday munosabatda ekanligini bilmayman”, degan Tramp “Reuters” agentligiga bergan intervyusida.
Tramp so‘zida davom etarkan, Eron xalqi Pahlaviyni davlat boshiga kelishini xohlaydimi yo yo‘q, buni bilmasligi, ammo AQSH Pahlaviy Xomanaiyning kursisini egallashiga qarshi emasligini, nima bo‘lganda ham hozirgi jarayon qiziqligini aytgan.
“Har qanday tuzum qulashi mumkin. U ag‘darilsa ham, ag‘darilmasa ham, bu qiziqarli davr bo‘ladi”, deydi Tramp.
Eronda qo‘lga olingan namoyishchilarni osib o‘ldirilayotgani haqida mish-mishlar dunyo OAVida tarqaldi. Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Eron hukumati norozilik namoyishi ishtirokchilarini osib qatl etishni rejalashtirmaganini va bunday ssenariy hatto ko‘rib ham chiqilmaganini aytdi. Vazirning ta’kidlashicha, bunday mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Osib qatl etish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bu – dezinformatsiya kampaniyasining bir qismi bo‘lib, uning maqsadi AQSH Prezidenti Donald Trampni vaziyatga aralashishga undashdir. Bunday aralashuv esa halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin”, degan Aroqchi.
Shu tariqa, Eron TIV rahbari mamlakat rasmiylarining namoyishchilarga nisbatan o‘lim jazosi qo‘llash niyati borligini qat’iyan rad etgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Eronda bir necha kundan beri namoyishlar o‘tkazilmayapti va mamlakatdagi tartibsizliklar yakunlangan. U hukumat vaziyatni to‘liq nazorat ostiga olganini ham qo‘shimcha qilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bir necha kun oldin Erondagi namoyishchilar tarafdori bo‘lib, oddiy xalq o‘ldirilsa tashkilot jim qarab turmasligi haqida ogohlantirgandi. 15 yanvar kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi AQSH so‘roviga binoan Erondagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi. AQSH iltimosiga ko‘ra, raislik Yaqin Sharqdagi vaziyat kun tartibi doirasida Erondagi vaziyat bo‘yicha brifing o‘tkazishni belgiladi. Yig‘ilish 2026 yil 15 yanvar kuni Nyu-York vaqti bilan soat 15:00 da bo‘lib o‘tadi.
13 yanvar kuni Yevrokomissiya mamlakatda tartibsizliklarga qarshi kurash davom etayotgani uchun Eronga nisbatan yangi sanksiyalar ishlab chiqmoqda va namoyishchilarni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda. Tegishli bayonot ushbu organ rahbari Ursula fon der Lyayen tomonidan X (sobiq Twitter) ga joylashtirildi.
“Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas bilan yaqin hamkorlikda qisqa vaqt ichida qatag‘onlar uchun mas’ullarga qarshi yangi sanksiyalarni taqdim etamiz”, deb yozdi u.
Fon der Lyayenning qo‘shimcha qilishicha, Bryusselning fikricha, hukumatga qarshi aksiyalar ishtirokchilari erkinlikka erishish uchun jasorat bilan yurish qilmoqda, huquq-tartibot organlari esa haddan tashqari kuch ishlatmoqda.
Bir qator yevropalik siyosatchilar va faollarning AQSH ortidan Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusini terrorchilik tashkiloti deb e’lon qilish haqidagi chaqiriqlariga javoban Yevrokomissiya raisi Yevropa Ittifoqi uni inson huquqlarini buzgani uchun allaqachon sanksiyalar ro‘yxatiga kiritganini aytdi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish joizki, Eronda 2025 yil 28 dekabr kuni milliy valyuta kursi keskin tushib ketganidan so‘ng norozilik namoyishlari boshlandi. Ular politsiya bilan to‘qnashuvlar, ma’muriy binolarga hujumlar va butun mamlakat bo‘ylab internetga kirishni cheklash bilan birga sodir bo‘ldi. Eron Xavfsizlik kengashi tartibsizliklarni uyushtirganlikda AQSH va Isroilni aybladi.
13 yanvar kuni Tramp Erondagi norozilik namoyishlari ishtirokchilarini hokimiyat organlarini egallashga chaqirdi. Shuningdek, u Eron rasmiylari bilan barcha uchrashuvlarni bekor qilganini ma’lum qildi. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Rossiya Eronning ichki ishlariga buzg‘unchi tashqi aralashuvni keskin qoralashini aytdi. Tramp Eronda namoyishchilar ortiq qatl etilmasligini aytdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 14 yanvar kuni Eron bo‘ylab namoyishlarga qarshi bostirish jarayonida odamlar o‘ldirilishi kamayayotganini va bundan keyin namoyishchilarning qatl etilishi bo‘yicha rejalar bo‘lmasligiga ishonishini aytdi. Bu haqda u Oval ofisda jurnalistlar bilan suhbatda gapirdi.
“Juda muhim manbalarning aytishicha, o‘ldirishlar to‘xtatilgan va namoyishchilar endi qatl etilmaydi. Bugun ko‘plab qatl etishlar bo‘lishi kerak edi, lekin ular amalga oshmaydi. Biz buning sababini bilib olamiz. Men, albatta, bilib olaman”, dedi u.
Eronda tartibsizliklarning eng keskin pallasi 8 yanvar oqshomiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda talonchilar harakatlari oqibatida kamida 12 nafar tinch aholi vakili, jumladan bir bola halok bo‘lgan. Rasmiylar 25 nafar huquq-tartibot xodimi ham halok bo‘lganini ma’lum qildi. Tehron meri Alireza Zakaniyning bildirishicha, isyonchilar poytaxtda 25 ta masjidni yoqib yuborgan, 26 ta bank, 3 ta tibbiyot markazi, 10 ta davlat muassasasi, 48 ta yong‘in o‘chirish mashinasi, 42 ta avtobus va tez yordam avtomobili hamda 24 ta turar joyga zarar yetkazgan.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasidagi ushbu videoreportajni tomosha qiling.
Live
Barchasi