Erkinjon Turdimov oqsochlar xizmatidan foydalanadimi?
Jamiyat
−
20 Oktabr 2020
15253O‘tgan hafta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash masalasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ijtimoiy tadbirkorlar faoliyati orqali oqsochlar tayyorlash markazlarini tashkil etish taklifini bildirgan edi. Ushbu taklif Prezident Mirziyoyev tomonidan ma’qullanib, buni butun respublikaga Samarqand tajribasi sifatidja tadbiq etish vazifasi yuklatildi. Biroq, hokim Erkinjon Turdimovning taklifi ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Kimdir hokim o‘z yaqinlarini, oila a’zolarini oqsochlikka o‘qitsin desa, yana boshqa birov hokim uyida ishlaydigan oqsochlardan ko‘ngli to‘lmayaptimi, degan fikrni ilgari surdi. Xo‘sh, gap qanchalik Turdimovning shaxsiyati bilan bog‘liq? U o‘z uyida oqsochlar ishlatadimi? Bu haqdagi savol bilan jurnalist Qamaraddin Shayxov Erkinjon Turdimovga yuzlandi.
Qamariddin Shayxov, jurnalist: — Siz shaxsiy hayotingizda oqsochlar xizmatidan foydalanasizmi?
Erkinjon Turdimov, Samarqand viloyati hokimi: — Yo‘q foydalanmaganman.
Q.Sh.: — Erkinjon Turdimov oqsochlar mavzusini ko‘tarib chiqaryaptimi, demak o‘zi ham oqsochlarga ehtiyoj sezyapti degan munosabatlarga qanday qaraysiz?
E.T.: — Oqsochlar masalasini mening shaxsiy ehtiyojimga bog‘liqlik tomonlari yo‘q. Biz kichik oilamiz, uyimizda oqsochlar xizmatiga ehtiyoj sezilmaydi. Oilamizda hamma ishlaydi, yosh bola yo‘q. Hamma farzandlarim voyaga yetgan. Oilamizda shu vaqtgacha oqsoch hizmatidan foydalanilmagan. Uy ishlarini hammamiz birga bajaramiz.
Men viloyat rahbari bo‘lsam, viloyat miqyosida bu ishlarni nazorat qilishim kerak. Samarqand viloyati miqyosida qaraydigan bo‘lsak, siz bilan biz xohlasak yo xohlamasak, bu bozor bor. Nafaqat Samarqand shahrida, balki Termizda, Navoiyda, Toshkentda – hamma joyda bor. Bu bozorda uyini tozalatish uchun ishchi olib ketishadi. Uy egasi birinchi navbatda kimni olib ketayotgani, nimaga olib ketayotganini o‘ylaydi. Uyida ishlayotgan ayol, uy egasining mol-mulkiga ko‘z tikmaydimi, o‘z ishini halol, pok bajaradimi, degan fikr bo‘ladi. Uyga ishlash uchun borayotgan ayollarimizda ham xavotir bo‘ladi, albatta. Kimning uyiga ketayotgani, ish haqqini oladimi, maqsadi yomon emasmi, degan fikr bo‘ladi. Lekin ba’zi hollarda ikki tomonlama nohaqlikka uchrayotganlar ham bor. Kimdir uyida ishlagan oqsochning xizmat haqqini bermasa, ayrim oqsochlar xizmat uchun borgan uyidan qimmatbaho buyumlarni olib chiqib ketish hollari ham kuzatiladi. Haqorat va tazyiqqa, kerak bo‘lsa, jismoniy tazyiqqa uchragan xizmatchilar ham yo‘q emas. Bularning barchasi ichki ishlar organlari orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Uyiga xizmatchi oladigan odam birinchi navbatda yaxshi, halol, insofli odam bo‘lishini xohlaydi. Chunki uy xizmatkori birinchi navbatda bu oilaning farzandini tarbiya qiladi, hammamiz uchun eng qadrli boylik – bu farzand. Mening eng katta boyligim – farzandlarim. Xo‘sh, uy egasi farzandining tarbiyasini kimga topshiryapti? Taomlarni kim tayyorlaydi? Uy xizmatchisi, albatta. Uning xizmatidan foydalanishga shularga ham e’tibor beriladi. Uchinchidan aynan shu uydagi madaniyat, chiroyli muhit, tartib intizomi ham bevosita aynan uy xizmatchisiga bog‘liq.
Demoqchi bo‘lganim, biz bu kabi ayollarni o‘qitishimiz kerak. Ular uchun nodavlat o‘quv markazlarini tashkil etib, o‘sha yerda oqsochlarni o‘qitish kerak. Ularni biz uy xizmatkori deymizmi,oqsoch deymizmi, farqi yo‘q. Uning sinonimlari juda ko‘p. Men ularni oqsoch emas, balki uy xizmatchilari deganimda bunchalik shov shuv bo‘lmasdi. Ammo bu haqiqat.
Q.Sh.: — Nomini o‘zgartirganimiz bilan muammodan qochib bo‘lmaydi to‘g‘rimi?
E.T. — Xuddi shunday. Bu bor narsa. O‘sha yozayotganlar bugun o‘zi bozorga borsin, bilsin, ko‘rsin vaziyatni.
Q.Sh.: — Siz borib ko‘rdingizmi?
E.T.: — Men juda ko‘p borganman. Gaplashganman.
Ushbu intervyuni to‘liq QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi