Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i yomonlashdimi?

Olam

image

Turkiya Aloqa boshqarmasi huzuridagi Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi da’volarni rad etdi. Bu haqda markaz axborotiga tayanib, “Sozcu” xabar berdi.

Markazga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar, xususan YouTube kanallarida Prezidentning sog‘ligi yaxshi emasligi haqida xabarlar tarqatilgan. 

“YouTube’dagi kanal orqali Prezidentimizning sog‘lig‘i bilan bog‘liq asossiz da’volar ilgari surilgan. Bu da’volar nafaqat yolg‘on, balki Prezidentlik institutini nishonga olgan va haqoratli mazmunga ega”, deyiladi rasmiy bayonotda. 

Qo‘shimcha qilinishicha, Erdo‘g‘anning ahvoli yaxshi va u o‘z vazifasini bajarishda davom etmoqda. 

“Prezidentimiz Turkiya davlatining rahbari sifatida o‘zining konstitutsiyaviy vakolat va majburiyatlarini bajarib, xalqimizga xizmat yo‘lida fidokorona harakat qilmoqda”, deya bildirilgan markaz bayonotida.

Shuningdek, Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i va xotirasi yaxshi ekani, uning bardam holda qarorlar qabul qilayotganini ham bildirgan. 

“Davlat rahbarlari, siyosatchilar va boshqa rasmiy shaxslar Prezident Erdo‘g‘anning muammolarga chuqur tushunishi, kuchli xotirasi va qat’iy qarorlar qabul qila olishiga guvoh bo‘lmoqda. Jurnalistik tamoyillarga zid ravishda, mas’uliyat va ehtiyotkorlikni chetlab o‘tgan holda ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on xabarlar tarqatayotganlar faqat o‘zlarini kulgili holatga solmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda jonli efir paytida Turkiya rahbarining ahvoli yomonlashgandi. Shundan so‘ng ijtimoy tarmoqlar va ba’zi OAVda Erdo‘g‘an miokard infarktini boshidan o‘tkazgani haqida habarlar tarqaldi. Rasmiy Anqara esa bunday xabarlarni rad etdi. Oradan qisqa vaqt o‘tgach, Erdo‘g‘an sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi mish-mishlardan so‘ng “Oqquyu” atom elektr stansiyasining yadroviy yoqilg‘i yetkazib berish marosimida onlayn shaklda ishtirok etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing