Erdo‘g‘an yana urush tarafdorimi? U Qorabog‘dagi vayronalar uchun hisob so‘rayapti

Olam

image

Ozarbayjon tuproqlarining 30 yil davomida mustamlaka ostida ushlab kelinishi va hududlar vayron etilishiga, shunchaki ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bular uchun, albatta, hisob so‘rash, badal olish shart. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 10 dekabr kuni Baku shahrida bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradidagi nutqida so‘z ochdi. 

Avval xabar berganimizdek, kecha, 9 dekabr kuni rafiqasi – Birinchi xonim Emina Erdo‘g‘an bilan Ozarbayjonga tashrif buyurgan Prezident “Bir millat, ikki davlat” shiori ostidagi G‘alaba paradida qatnashdi. Unda Turkiya bayrog‘ini xilpiratib, mamlakat harbiylari ham chiqish qildi. Marosim o‘tkazilgan hududga ham Ozarbayjon va Turkiya bayroqlari joylashtirildi. 

Tadbirda so‘z olgan Erdo‘g‘an yana bir bor Ozarbayjon xalqini tarixiy g‘alaba bilan qutlab, shahidlarning oilasiga hamdardlik bildirdi, jarohatlanganlarga sog‘lik tiladi. 

“Mustafo Kamol Otaturk ta’biri bilan aytganda, biz Ozarbayjonning qayg‘usini o‘z qayg‘umiz, sevinchini o‘z sevinchimiz, shu nuqtai nazardan Qorabog‘ni ko‘ksimizdagi yara deb bildik. 

Ozarbayjonning o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilishi kurashning tugaganini anglatmaydi. Bugunga qadar siyosiy va harbiy sohada bo‘lgan o‘zaro kurash, endi boshqa yo‘nalishlarda davom etadi. 

30 yil ichida bu hududlarning vayronaga aylanganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Qardoshim Ilhom Aliyevning aytganidek, Fuzuli shahri ishg‘oldan ozod qilingach, u yerda Ozarbayjon bag‘rog‘ini ilish uchun birorta ham bus-butun bino topilmadi. Barcha shaharlar, qishloqlar tor-mor etilib, qabristonlar oyoqosti, masjid va minoralar ham vayron qilingan edi. Armanlar hamma narsani yo‘q qilganlari kabi, tarixni,  madaniy va tabiiy boyliklarni ham talon-toroj qildi. Bularning barchasi uchun ular javob berishi, hisob so‘ralishi kerak”, deydi Erdo‘g‘an ikki mamlakat nomidan. 

Erdo‘g‘anning fikricha, Qorabog‘da yillar davomida urush qoidalari jiddiy ravishda buzildi va inson qadr-qimmati poymol qilindi. Bunga nisbatan jim qarab turganlarning ko‘zi ham, vijdoni ham so‘qir edi. 

“Tog‘li Qorabog‘ga vayronagarchilik, qirg‘in va ko‘z yoshlaridan boshqa hech narsa keltirmaydiganlar endi aqllarini yig‘ishlari kerak. 

Armaniston rahbariyati Ozarbayjon yerlarini mustamlakada ushlab turish uchun xalqning boyligini sarfladi. Ammo bu resurslar ma’nosiz mudofaa liniyalari, qurol-yarog‘, qolaversa, nafrat va qonga to‘la ko‘zlar sohibi bo‘lgan qobiliyatsiz hukmdorlarning ambitsiyalariga sarflanmaganda edi, bugungi manzara juda boshqacha bo‘lardi. Umid qilamizki, Armaniston siyosatchilari buni juda yaxshi tahlil qilib, kelajakni tinchlik va barqarorlik asosida qurish uchun dadil qadamlar tashlashadi. Shuningdek, biz Armaniston xalqining o‘tmish yolg‘onlari bilan tasalli berib, ularni qashshoqlikka mahkum etgan diaspora asirligidan xalos bo‘lishiga umid qilamiz”, deydi Turkiya rahbari. 

Joriy yilning 27 sentyabridan 9 noyabrigacha qariyb 44 kun davomida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida davom etgan urushda ozar tarafining eng muhim dastakchisi shubhasiz Turkiya bo‘ldi. Bu haqda Prezident Ilhom Aliyev o‘z chiqishlarida bir necha bor so‘z ochdi. 27 sentyabrning o‘zidayoq ko‘plab mamlakatlar o‘t ochishni to‘xtatish, ikki mamlakatni muammoni YeXHTning Minsk guruhi doirasida hal etishga chaqirgan bir paytda, Turkiya ochiqchasiga urush eng to‘g‘ri yo‘l ekanini aytib chiqdi. Endi esa Erdo‘g‘an ikki mamlakat o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik aloqalari tiklanishidan umid qilmoqda. Uning tavsiyasi nutqidan quyidagicha o‘rin oldi:

“Ko‘rinib turibdiki, G‘arb imperialistlarining gij-gijlashi bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi va munosabatlarni dushmanlik o‘rniga yaxshi qo‘shnichilik asosida qayta ko‘rib chiqish kerak. Agar Armaniston aholisi Qorabog‘da sodir bo‘lgan voqeadan saboq olsa, bu mintaqada yangi davrning boshlanishi bo‘ladi”. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi.

Joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.

Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi. 

Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.

Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi

Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

143

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing