Ilhom Aliyev samolyot halokati bo‘yicha Rossiyaga yangi talablar qo‘ydi
Olam
−
29 dekabr 2024
26163Rossiya Ozarbayjondan kechirim so‘rashdan tashqari, o‘z aybiga iqror bo‘lishi, aybdorlarni jazolash, jinoiy javobgarlikka tortish va Ozarbayjon davlatiga, jarohatlangan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga tovon to‘lash kerak. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bugun, 29 dekabr kuni Qozog‘istonning Aqtau shahridagi aviahalokat oqibatida vafot etgan ekipaj a’zolari – kapitan Igor Kshnyakin, uchuvchi Aleksandr Kalyaninov va styuardessa Ho‘kuma Aliyevaning vidolashuv marosimidagi ishtiroki chog‘i ma’lum qildi.
Aliyevga ko‘ra, bu Ozarbayjonning shartlari. Ulardan faqat kechirim so‘rash talabigina bajarildi, xolos.
“Bu bizning shartlar. Birinchisi kecha taqdim etilgan edi. Umid qilamanki, boshqa talablarimiz ham qabul qilinadi”, degan Aliyev.
Marosim chog‘ida Ozarbayjon rahbari aviahalokat sababini ham ochiqlab ketgan. Uning qayd etishicha, samolyot halokatining yakuniy sababi qora qutilar ochilgandan so‘ng ma’lum bo‘ladi, biroq Aqtauda halokatga uchragan samolyot “yerdan qilingan hujum tufayli” shikastlangan va ushbu versiyalar juda asosli va faktlarga tayanilgan.
“Faktlar shundan iboratki, fuqarolik samolyoti Rossiya hududida, Grozniy shahri yaqinida yerdan o‘qqa tutilgan va boshqaruvni deyarli yo‘qotgan. Shuningdek, biz bilamizki, samolyotimiz radioelektron kurash vositalari orqali boshqarilmas holga keltirilgan. Bu samolyotga yetkazilgan birinchi zarardir” degan Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon yetakchisining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya tomoni rasmiy ravishda Ozarbayjonga Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi bu ishni o‘rganishini so‘rab taklif kiritgan. Rasmiy Baku esa bunga qat’iyan rad javobini bergan. Sababini quyidagicha keltirgan:
“Chunki hech kimga sir emas, bu qo‘mita ko‘proq Rossiya amaldorlaridan tashkil topgan va qo‘mita boshida Rossiya fuqarolari turadi. Bu yerda ob’ektivlik omillari to‘liq ta’minlanmasligi mumkin edi. Agar avariya sodir bo‘lgan zahoti biz Rossiya tomonidan adolatli va adekvat qadamlarni ko‘rganimizda, ehtimol bunga qarshi chiqmagan bo‘lardik. Ammo biz ko‘rdikki, bu yerda masalani yashirishga urinishlar ochiq-oydin ko‘rinib turibdi”, deydi Aliyev.
Qolaversa, Prezident halokatni qushlar va texnik nosozlikka bog‘lashni ahmoqgarchilik deb atadi.
“Samolyotni teshgan parchalarning yo‘lovchilar va ekipaj a’zolariga yetkazgan jarohatlari ko‘rinib turibdi. Buni qandaydir qushlar bilan bog‘lash yoki gaz ballonining portlashi deb talqin qilish ham ahmoqlik, ham vijdonsizlikdir”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 28 dekabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyoti bilan bog‘liq fojiali voqea Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani uchun uzr so‘ragan edi.
Embraer 190 samolyotining qulashi
25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi.
Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.
AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.
Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi.
Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi