Ilhom Aliyevning amakivachchasi Gretsiyada narkotik bilan qo‘lga tushdi
Olam
−
02 yanvar
11082Mikaela Jav nomi bilan tanilgan DJ Izzatxonim Javadova Gretsiyaning Kaliviya shahridagi hashamatli villada 13 kishi bilan birga qo‘lga olindi. Bu haqda Meydan TV xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning amakisi Jalol Aliyevning Britaniya pasportiga ega qizi Izzatxonim Javadova Afinaga yaqin bo‘lgan bir tadbirda narkotikka qarshi reyd chog‘ida hibsga olingan. Ushbu xabarni Gretsiya politsiyasi 31 dekabr kuni mamlakat matbuotiga tasdiqlagan.
Politsiya 30 dekabr kuni hashamatli ziyofatda qo‘lga olinganlar qatorida Mikaela Jav nomi bilan tanilgan DJ Izzatxonim Javadova ham borligini ochiqlagan. Ismini oshkor qilmaslikni istagan bir politsiya manbasi ushbu xabar yuzasidan berilgan savolga javob berib, Javadova “ziyofatni tashkil qilganini” aytgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, ziyofatni tashkil qilgan Javadovaning yotoqxonasidan 45 paket ichida kokain, ekstazi, kristalli metamfetamin, boshqa narkotik moddalar va 43 ming yevrodan (45 ming dollar) ortiq pul saqlangan seyf topilgan.
“Javadova va yana 9 kishi narkotik moddalar noqonuniy savdosi va foydalanishi ayblovi bilan payshanba kuni sudga chiqariladi”, deyiladi xabarda.
Britaniya Milliy Jinoyat Agentligiga ko‘ra, Javadovlar Angliyadagi hisoblariga mablag‘ yig‘ish uchun asosan ofshor hududlarda joylashgan 20 ta shaffof bo‘lmagan kompaniyalar tarmog‘idan foydalangan. Natijada pullar “bank operatsiyalari davomida tekshiriladigan iz qoldirmasdan” o‘tkazilgan. Agentlik tergovchilari bu kompaniyalardan oltitasi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasi (OCCRP) tomonidan 2017 yilda fosh etilgan ko‘p maqsadli moliyaviy oqim uchun vositachi bo‘lgan “Ozarbayjonning pul yuvish mashinasi”ning bir qismi ekanini aniqlagan.
“Ushbu tizim mamlakatning hukmron elitasiga pulni o‘zlashtirish, soliqlardan qochish, noqonuniy mablag‘larni yuvish va Yevropa Parlamentidagi deputatlarga pora berish hamda noqonuniy mablag‘larni Ozarbayjondan ko‘chmas mulk sotib olish va hashamatli hayot kechirish uchun G‘arbga yo‘naltirish imkonini bergan”, deyiladi manbada.
Bildirilishicha, sizdirilgan bank hujjatlari Javadovlar oilasi millionlab mablag‘ olgan oltita kompaniya va OCCRP aniqlagan, ammo tergovchilar e’tiboridan chetda qolgan yettinchi kompaniyaning ham “pul yuvish mashinasi” bilan bog‘liq boshqa shubhali operatsiyalarda ishtirok etganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning nabirasi 9 yoshligida Dubaydan dabdabali kvartira sotib olgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi