Ilhom Aliyev aviahalokatda qurbon bo‘lgan ekipaj a’zolarining janozasiga bordi (fotoreportaj)

Olam

image

Kecha, 29 dekabr kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi xonimi Mehribon Aliyeva Baku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotgan samolyot halokati oqibatida halok bo‘lgan ekipaj a’zolari bilan vidolashuv marosimida ishtirok etdi va samolyot ekipaji a’zolarini taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Prezident rasmiy saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Aliyev Haydar Aliyev xalqaro aeroportiga tashrif buyurib, qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

Shuningdek, ushbu shaxslarni mukofotlash to‘g‘risida Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining farmoni imzolangan. Hujjatga ko‘ra, bort komandiri Igor Kshnyakin, uchuvchi Aleksandr Kalyaninov va styuardessa Ho‘kuma Aliyevaga “Milliy qahramon” unvoni berilgan. Ularning barchasi halokatda qurbon bo‘lgan.

Bundan tashqari, tirik qolgan bort kuzatuvchilari Zulfiqor Asadov va Oydin Rahimli birinchi darajali “Rashadat” (Jasorat) ordeni bilan taqdirlangan.

Embraer 190 samolyotining qulashi

25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. 

Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.

Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.

Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi.

Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev aviahalokat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing