Erdo‘g‘an va Makron Livanga birinchi bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zdi

Olam

image

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Bayrut fojiasidan so‘ng birinchi bo‘lib Livanni dastaklab, ushbu mamlakatga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor ekanlarini bildirdilar. 

Rajab Toyib Erdo‘g‘an Livan Prezidenti Mishel Naim Aun bilan telefon orqali muloqot qilib, Bayrutda sodir bo‘lgan portlashda vafot etganlarning oilalariga ta’ziya bildirdi, jarohatlanganlarga sog‘lik tiladi. 

Fojiadan cheksiz qayg‘uda ekanini ifoda etgan Erdo‘g‘an, har qanday masalada Livan va uning xalqiga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. 

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an Twitter’dagi rasmiy sahifasida arab tilida quyidagilarni yozib qoldirdi:

“Bayrutdagi portlashda vafot etganlarning qarindoshlari va yaqinlariga ta’ziya bildirib, ularga Allohdan sabr va matonat, jarohatlanganlarga esa shifo tilayman. Turkiya o‘laroq bizlar doim Livan va livanlik qardoshlarimizning yonida turamiz”.

Fransiya esa Livanga allaqachon shifokorlar va tibbiy jihozlarni yuborib, fojia oqibatlarini bartaraf etishda ko‘maklashishga kirishdi. Mamlakat Prezidenti Emmanuel Makron Twitter’dagi rasmiy sahifasida shunday yozadi:

“Biz Livanga fuqaro mudofaasi otryadini va bir necha tonna tibbiy buyumlarni yuboryapmiz. Tez yordam shifokorlari shifoxonalarda yordam berish uchun imkon qadar tezroq Bayrutga yetib boradilar”.

Shuningdek, biroz avval AQSH Prezidenti Donald Tramp ham Livanga yordam berishga tayyorligini ma’lum qilib, portlash ofatdan ko‘ra, bomba hujumiga o‘xshashini aytib chiqqandi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 avgust kuni Livan poytaxti Bayrutda port hududida vayronkor portlash yuz berdi. Uning ko‘lam shu qadar ulkan ediki, guvohlar portlashni atom bombasiga qiyosladi. Seysmologlar esa portlash 4,5 ball zilzila bilan teng kuchda bo‘lganini aytdi. Portlash oqibatida vafot etganlar 100 nafardan oshdi, jarohatlanganlar esa 4 ming nafardan ziyod. 

Livan Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, portda ammiakli selitra portlagan.

“Al Mayadeen” telekanali kuch ishlatish tizimidagi manbasiga tayanib xabar berishicha, "to‘qqiz yil avval kemalardan biridan musodara qilingan hamda qayta ishlash yoki yo‘q qilish uchun portdagi omborda saqlangan portlovchi moddalar portlagan.

Portlash bilan bog‘liq yana bir taxmin portda pirotexnika vositalari portlagan. Ammo fojianing ko‘lami va vayronkorligini hisobga olganda birgina pirotexnika bunday falokatga sabab bo‘lishi imkonsizdek ko‘rinyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Emmanuel' Makron Bayrut fojiasi

Baholaganlar

122

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing