Erdo‘g‘an Putin va Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, Kaxovka fojiasi bo‘yicha taklifni aytdi

Olam

image

Bugun, 7 iyun kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rossiyalik va ukrainalik mavqedoshlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashdi va Kaxovka GESi atrofidagi vaziyatni muhokama qilib, undagi portlashni tekshirish uchun xalqaro komissiya tuzishni taklif qildi. Bu haqda Turkiya rahbari idorasi xabar berdi.

Suhbatlarda Prezident Erdo‘g‘an Kaxovka GESidagi portlash bo‘yicha hech qanday shubha bo‘lmasligi uchun keng qamrovli tergov o‘tkazish muhimligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, rossiyalik va ukrainalik ekspertlar, BMT va xalqaro hamjamiyat, jumladan Turkiya ishtirokida komissiya tuzilishi mumkin. Turkiya esa bu borada yordam berishga tayyor.

Bundan tashqari, tomonlar don shartnomasini ham muhokama qilgan. Erdo‘g‘an Rossiya g‘alla va o‘g‘itlarini eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish uchun BMT bilan maslahatlashuvlarni davom ettirishdan manfaat ko‘rayotganini aytgan.

Zelenskiy bilan suhbatda esa Turkiya rahbari urush davom etar ekan, insoniy yo‘qotishlarning oldini olishning iloji yo‘qligini, shuning uchun muzokaralarni qayta boshlash g‘oyasi birinchi o‘rinda turishi kerakligini ta’kidlagan. Shuningdek, u Turkiya adolatli tinchlik o‘rnatish uchun qat’iy sa’y-harakatlarni davom ettirishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 iyun kuni ertalab Ukrainaning vaqtinchalik Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi vayron bo‘lgandi. Buning oqibatida aholi yashash punktlari suv ostida qoldi va Xerson viloyatida favqulodda holat joriy qilindi. BMT Xavfsizlik kengashi ham mazkur masalani ko‘rib chiqdi. Kiyev va Moskva stansiyadagi portlashda bir-birini aybladi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Kaxovka GESi vayron qilinishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. NATO, Yevropa Kengashi va Germaniya esa portlashda Rossiyaning qo‘li borligini aytdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa Ukraina GESga hujum qilishni reja qilganini oldindan bilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Putin Ukraina Erdo'g'an Zelenskiy Kaxovka GESi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing