Erdo‘g‘an Pezeshkiyonga nasihat qildi
Olam
−
10 aprel 7019 2 daqiqa
Kecha, 9 aprel kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali suhbatda Pokistonda boshlanishi kutilayotgan muzokaralardan doimiy tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida maksimal darajada foydalanish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yetakchilar suhbat davomida o‘t ochishni to‘xtatish va mintaqadagi xavfsizlik vaziyatini ham muhokama qilgan. Erdo‘g‘an bu jarayonda Turkiya tegishli davlatlar bilan birgalikda katta sa’y-harakatlar olib borganini ta’kidlagan.
Shuningdek, u jarayonni izdan chiqarishga urinayotgan kuchlarga imkon bermaslik muhimligini aytib, Turkiya yangi bosqichda ham do‘st davlatlar bilan birga har tomonlama hissa qo‘shishga tayyor ekanini aytgan.
Qolaversa, Erdo‘g‘an birodar Eron xalqining yo‘qotishlari munosabati bilan hamdardlik bildirgan.
Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon esa Turkiyaning AQSH va Isroilning Eronga qarshi hujumlarini qoralagan pozitsiyasini, ayniqsa, turk xalqining Eron bilan birdamligini yuqori baholashlarini ma’lum qilgan.
“Turkiyaning Eronga qarshi shafqatsiz hujumlarni qoralagan pozitsiyasi va ayniqsa, turk xalqining Eron bilan birdamligini yuqori qadrlaymiz”, degan Pezeshkiyon.
U Eron mintaqaviy barqarorlikni saqlash va mojarolarning kengayib ketishining oldini olish maqsadida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini bildirib, ushbu kelishuvning davom etishi qarshi tomonning majburiyatlarga amalda rioya qilishiga bog‘liqligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Pezeshkiyon xalqaro hamjamiyat va islom mamlakatlari, ayniqsa Livan kabi davlatlarga nisbatan tajovuz va jinoyatlarni to‘xtatish uchun AQSH hamda Isroilga bosim o‘tkazishi zarurligini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rajab Toyib Erdo‘g‘an Erondan Turkiyaga raketa otilishi ortidan Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali suhbatlashib, uni Turkiya havo hududini buzmaslikka chaqirgandi.
Qayd etish joiz, joriy yilning 7 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan 2 haftalik sulh tuzilganini e’lon qildi. Bugun, 10 aprel kuni Pokistonda tomonlar o‘rtasida muzokara boshlanishi belgilangan. Eron delegatsiyasi allaqachon Islomobodga yetib borgani aytilmoqda.
Live
Barchasi