Erdo‘g‘an Pezeshkiyonga dakki berdi
Olam
−
08:31 15078 2 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali suhbatlashdi va uni Turkiya havo hududini buzmaslikka chaqirdi. Bu haqda Turkiya yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Erdo‘g‘an Turkiya hech qanday ishtirok etmayotgan mojarolardan salbiy ta’sir ko‘rayotganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat havo hududining har qanday sabab bilan buzilishi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi va Anqara bunday holatlarning oldini olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishda davom etadi.
Suhbat davomida Erdo‘g‘an Eron ishlariga noqonuniy aralashuvlarni Turkiya qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan, ammo mintaqadagi “birodar davlatlar”ni nishonga olish hech kimga foyda keltirmasligini va bunday harakatlar to‘xtatilishi kerakligini ta’kidlagan.
Turkiya rahbari, shuningdek Minobdagi maktabga qilingan hujum oqibatida, bolalar halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirgan. U shuningdek, Mujtabo Xomanaiyning Eronning yangi diniy rahbari etib saylanishi mintaqada tinchlik va barqarorlikka xizmat qilishiga umid bildirgan.
O‘z navbatida, Mas’ud Pezeshkiyon Turkiya havo hududiga kirib qolgan raketalar Eron hududidan uchirilmaganini bildirib, mazkur voqea yuzasidan har tomonlama tekshiruv o‘tkazilishini va’da qilgan.
Avvalroq, Turkiya Prezidenti ma’muriyati Eron tomonidan uchirilgan va Turkiya tomon yo‘naltirilgan ballistik raketa o‘z vaqtida urib tushirilgani haqida xabar bergan edi. Raketa NATOning havo va raketaga qarshi mudofaa kuchlari tomonidan G‘oziantep shahridagi Shahinbey tumani osmonida yo‘q qilingan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar bo‘lmagan. Bu Eron atrofidagi inqiroz boshlanganidan beri Turkiya havo hududida qayd etilgan ikkinchi shunday holat hisoblanadi.
Live
Barchasi