Erdo‘g‘an barcha voqealarni muxolifatning bo‘yniga qo‘ydi
Olam
−
24 mart
6997Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) va uning raisi O‘zg‘ur O‘zel so‘nggi kunlarda Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan Turkiyada davom etayotgan zo‘ravonlik to‘lqini uchun to‘liq javobgar ekanini aytdi. Bu haqda u bugun, 24 mart kuni Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan keyin bayonot berdi.
“5 kundan beri davom etayotgan provokatsiyaning mas’uli O‘zg‘ur O‘zel. Agar mard bo‘lsangiz, korrupsiyaning hisobini bering”, degan davlat rahbari.
Shuningdek, u ushbu namoyishlarda 123 nafar politsiyachi jabrlangani haqida ma’lumot bergan.
“Biz bosh muxolif partiya yetakchisining ko‘chalarga chiqish haqidagi chaqirig‘idan keyin sodir bo‘lgan va tezda zo‘ravonlik harakatlariga aylangan voqealarni xavotir bilan kuzatdik. Marginal tashkilotlar va shahar banditlarining hujumlari tufayli shu kunlarda 123 nafar politsiyachimiz jabrlandi. Afsuski, muxolif partiya rahbariyati, jumladan, uning raisi ongsizlikning yorqin namunasini ko‘rsatdi. Odamlarning ko‘chaga chiqishiga sababchi bo‘lgan partiya yetakchisi va uning tarafdorlari politsiyachilarning jarohatlari, vitrinalari singan do‘kon egalarining zarari, shuningdek, milliardlab liralik davlat mulkiga yetkazilgan zarar uchun to‘liq javobgardir. Bularning barchasi parlamentda ko‘rib chiqiladi va bu haqdagi huquqiy hisobotlar sudga taqdim etiladi”, degan Erdo‘g‘an.
Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi
19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.
Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.
Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.
Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi. JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.
LiveBarchasi
Trenddagilar


