Epshteyn ishi: Tramp 13 yoshli qizni zo‘rlagan
Olam
−
14:44 9653 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning ismi voyaga yetmagan qizga nisbatan zo‘ravonlik haqidagi ish materiallarida yana paydo bo‘ldi. Gap moliyachi va pedofil sifatida tanilgan Jeffri Epshteyn ishi bilan bog‘liq yangi hujjatlar haqida bormoqda. Bu haqdagi hujjatlar AQSH Adliya vazirligi tomonidan e’lon qilindi.
Hujjatlarga ko‘ra, noma’lum shaxsning dugonasi taxminan 35 yil avval sodir bo‘lgan voqea haqida aytib bergan. Unga ko‘ra, jabrlanuvchi o‘sha paytda 13–14 yoshda bo‘lgan va Donald Tramp uni majburan jinsiy harakatlarga undagan.
Qarshilik ko‘rsatgan qiz Trampni tishlagan, shundan so‘ng yuziga zarba olgan. Shu qiz Jeffri Epshteyn tomonidan ham zo‘ravonlikka uchragani aytiladi.
Ish bo‘yicha figurantlarning ismlari rasmiy ravishda maxfiylashtirilgan. Donald Tramp mazkur materiallar e’lon qilingach, hozircha bu borada izoh bermagan.
Qayd etilishicha, fosh etuvchi hujjat dastlab AQSH Adliya vazirligi saytidan olib tashlangan, biroq bir necha soatdan keyin yana ochilgan. Vazirlik buni serverlar haddan tashqari yuklangani bilan izohlagan.
Avval ham, 2025 yil dekabr oyida Epshteyn ishi bilan bog‘liq boshqa hujjatlarda Trampga nisbatan shunga o‘xshash ayblovlar uchragan. Jumladan, 2020 yil oktyabriga oid hujjatlarda limuzin haydovchisining ko‘rsatmasi keltiriladi. U 1995 yilda Trampni aeroportga olib ketayotganda bo‘lgan “juda bezovta qiluvchi” telefon suhbatini eslagan. Haydovchining aytishicha, Tramp suhbat davomida bir necha bor “Jeffri” ismini tilga olgan va noma’lum qizga nisbatan zo‘ravonlik haqida gapirgan. Shu hujjatda noma’lum shaxs “u meni zo‘rlagan”, deb aytgani, bu gap Trampga nisbatan aytilgani ham qayd etilgan.
Yana bir hujjatda Epshteyn 14 yoshli qizni Trampga tegishli Mar-a-Lago kurortiga olib kelgani haqida ma’lumot bor. Materiallarga ko‘ra, moliyachi qizni tanishtirar ekan, Trampga qarab “Yaxshi nomzod, to‘g‘rimi?” degan, Tramp esa jilmayib, bosh irg‘agan.
Tramp, shuningdek, Epshteyn bilan aloqalarni uzganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Epshteynni o‘z klubidan haydab chiqargan va uni “buzuq” deb hisoblagan. Ularning do‘stligi 2004 yilda ko‘chmas mulk bo‘yicha kelishmovchilik sabab tugagan. Shunga qaramay, undan oldin Tramp va Epshteyn taxminan 15 yil davomida yaqin munosabatda bo‘lib, ko‘p vaqtni birga o‘tkazgan.
Ma’lumot uchun, Jeffri Epshteyn ilgari fohishalikni tashkil etganlik uchun sudlangan. 2019 yilda u voyaga yetmagan qizlarni jinsiy ekspluatatsiya qilishda ayblanib hibsga olingan. O‘sha yilning avgust oyida u AQSH qamoqxonasida o‘lik holda topilgan. Rasmiy versiyaga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan, biroq holat hanuzgacha shubhali deb baholanadi.
Live
Barchasi