Endi “vor v zakone”, “smotryaiy”, “polojenets”lar bo‘lmaydi – Tashiyev

Olam

image

Bundan buyon Qirg‘izistonda qaroqchilar, uyushgan jinoiy guruh a’zolari, avtoritetlar bo‘lmaydi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev kecha, 2 yanvar kuni Suzoq tumani IIBda o‘tgan tadbirda so‘z ochgan. 

Unga ko‘ra, 2023 yilda uyushgan jinoiy guruhlar va korrupsioner mansabdor shaxslarga qarshi kurashish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilgan. 

“Davlatimiz qonuniy, huquqiy va erkin bo‘ladi.  Agar uyushgan jinoiy guruhlar qolgan bo‘lsa, 2024 yilda hammasini butunlay yo‘q qilamiz”, deydi Tashiyev.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari qonundagi o‘g‘ri (vor v zakone), “smotryaiy”, “polojenets” kabi tushunchalar endi qo‘llanilmasligini qo‘shimcha qilgan. 

“Bunday so‘zlar endi bo‘lmaydi, biz ulardan foydalanishni to‘xtatamiz. Ozodlikdan mahrum qilish joylarida tartib o‘rnatamiz”, deydi Qamchibek Tashiyev. 

U 2023 yilda korrupsiyaga qarshi kurash yaxshi natijalar berganini qayd etgan. Ayni paytda, Qamchibek Tashiyevga ko‘ra, davlat idoralaridagi korrupsion sxemalar deyarli yo‘q qilingan. 

“Bu yo‘nalishdagi ishlar davom etadi”, deya xulosa qilgan u.

Eslatib o‘tamiz, Tashiyev bundan avval kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (Qamchibek Asanbek) o‘limi ortidan kim bosh ko‘tarsa, o‘sha boshni chopishini, mamlakatda jinoyatchilikka qarshi qat’iy kurash boshlanganini aytgan edi. Kolya Qirg‘iz nomi bilan tanilgan xalqaro jinoyatchi Bishkekda qo‘lga olinayotganda mamlakat Milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev To‘qmoq shahrida qo‘mitaning yangi binosi ochilishida qatnashib, jinoyatchilarga qarata “bittasi bosh ko‘tarsa, o‘sha boshni chopishi”ni aytgandi. Shundan so‘ng Qamchibek Qo‘lboyev va Bojxona xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruhga aloqador 180 dan ortiq mansabdor lavozimidan bo‘shatildi. Qirg‘izistonlik taniqli tadbirkor, Markaziy univermag (SUM) rahbari Anvar Gabbazov (hozirgi Mametov) xalqaro qidiruvga berildi. “Kolya Qirg‘iz”ga aloqadorlikda gumonlanib, “Ittipak” uyg‘ur diasporasi yetakchisi va Bishkekdagi “Madina” bozori asoschisi Tursuntoy Salimov hibsga olindi, uning o‘g‘li Ilshat esa qidiruvga berildi. Qirg‘iziston Jogorku Kenesh (parlament)ining sobiq deputati Boris Sanning o‘g‘li Aleksandr San ham qo‘lga olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Qamchibek Tashiev Kolya Qirg'iz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing