Tashiyev ishi: sud ayblov hukmini o‘zgartirdi

Jamiyat

image

Bugun, 10 sentyabr kuni Bishkek shahar sudi sudyalari Qirg‘izistonning Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev ishidan hokimiyatni egallab olishga tayyorgarlik ko‘rish ayblovini chiqarib tashladi va apellyatsiya bo‘yicha hukmni o‘zgartirdi. Bu haqda “Kaktus.media” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bishkek shahar sudi MXDQ sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev va yana yetti kishiga nisbatan olib borilayotgan “75 lar xati”ni ko‘rib chiqishni davom ettirgan. Sud majlisi yopiq rejimda bo‘lib o‘tgan. Qaror e’lon qilinishidan oldin sudyalar maslahatga chiqib ketgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sud ijrochilari jurnalistlar va boshqalarni zalga kiritmagan. Shu sababli hukm yopiq eshiklar ortida o‘qib eshittirilgan.

Sudyalar ayblovdan hokimiyatni kuch ishlatib egallab olishga urinish moddasini olib tashlagan. Uning o‘rniga saylov huquqlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilish moddasini qo‘llagan.

“Ayblovdan 326-modda – “Hokimiyatni kuch ishlatib egallab olishga urinish” chiqarib tashlandi. U saylov huquqlarini buzish bilan bog‘liq 195-moddaga qayta malakalandi. Bunga muddatidan oldingi saylovlarni o‘tkazishga urinish haqidagi gaplar sabab bo‘lgan, shekilli”, deydi advokat Latipbek Nuralimov.

Yangi modda bo‘yicha sudyalar Qamchibek Tashiyev, sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev, parlamentning sobiq spikeri Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, shuningdek, Bekbolot Talg‘arbekov, Qursan Asanov, Qurmanbek Diyqanbayev, Ooli Qarashev va Emil Uzoqboyevlarni aybdor deb topgan.

Ularning har biriga to‘rt yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi va ikki yil muddatga probatsiya nazorati tayinlangan. Sudyalar hukmdan mol-mulkni musodara qilish jazosini olib tashlagan, chunki yangi moddada bunday chora nazarda tutilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq birinchi instansiya sudi Tashiyev va boshqa ayblanuvchilarga to‘rt yildan jazo tayinlagan edi. O‘shanda sudyalar ularni hokimiyatni kuch ishlatib egallab olishga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topgan, mansab vakolatlarini suiste’mol qilish bo‘yicha ishda esa oqlov qarorini chiqargan edi.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing