Tashiyevni prezident qilmoqchi edim – Japarov (video)

Olam

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyevni 2027 yilgi prezidentlik saylovlariga tayyorlamoqchi bo‘lganini ma’lum qildi. Bu haqda Japarov jurnalist Ali Toktakunovga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Prezidentning aytishicha, u 2027 yilgi saylovlarda o‘zining nomzodini qo‘ymaslikni va Tashiyev prezidentlikka da’vogarlik qilishi uchun sharoit yaratishni rejalashtirgan.

“Mening shaxsiy rejam 6 yil ishlab, 2027 yilda saylovda qatnashmaslik edi. Agar Qamchi o‘sha vaqtga kelib tayyor bo‘lsa, yaxshi ishlasa va tajriba orttirsa, uning saylovda qatnashishini istagandim. O‘zim qatnashmay, Qamchini prezident qilmoqchi edim va dam olishga ketmoqchi edim”, degan Japarov.

Uning ta’kidlashicha, Japarov bu haqdagi fikrini Tashiyevga taxminan 2 yil avval aytgan.

Shu bilan birga, Qirg‘iziston rahbari Tashiyevning asosiy kamchiligi yaqinlari va atrofidagi odamlar faoliyatini nazorat qila olmaganida bo‘lganini qayd etgan.

“U 5 yil yaxshi ishladi. Biroq bitta kamchiligi bor edi: yaqinlari, sinfdoshlari, kursdoshlari va atrofidagi odamlarni nazorat qila olmadi. Aynan shuning uchun lavozimidan ketdi”, degan Japarov.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qamchibek Tashiyev lavozimidan ketganidan keyin ayrim holatlar yuzaga chiqqan va siyosatchining o‘zi ham xatoga yo‘l qo‘yganini tan olgan. Shuningdek, Japarov hozirda Tashiyevni davlat xizmatiga qaytarish rejalari yo‘qligini ham bildirgan.

“Biz do‘st bo‘lib qolamiz, lekin uni davlat xizmatiga qaytarish niyatim yo‘q. Hozir u dam olishi kerak”, degan Qirg‘iziston Prezidenti.

Shu bilan birga, Japarov Tashiyev bilan prezidentlik lavozimini navbatma-navbat egallash bo‘yicha hech qanday kelishuv bo‘lmaganini ta’kidlagan.

“Avval sen prezident bo‘lasan, keyin men bo‘laman, degan kelishuv bo‘lmagan”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident umumxalq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Shuningdek, prezidentlik saylovlari ikki bosqichli tizim asosida o‘tkaziladi va navbatdagi prezident saylovi 2027 yil yanvar oyiga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi boshida Bishkekning Birinchi may tuman sudi mazkur ish bo‘yicha hukm chiqargan edi. Sud Qamchibek Tashiyev, Qurmanqul Zulushev, Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li hamda murojaatni imzolagan yana besh nafar shaxsni hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topgan.

Ularning har biriga 4 yil ozodlikdan mahrum etish va mol-mulkni musodara qilish jazosi tayinlangan. Biroq sud ushbu jazoni 3 yillik probatsiya nazorati bilan almashtirgan.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing