Endi Tojikistonda folbinga borganlar ham jazolanadi
Olam
−
28 avgust
3633Tojikistonda jodugarlik va folbinlikka qarshi kurashning yangicha yondashuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, endilikda Ichki ishlar vazirligi sehrgar va folbinlarning o‘zlarini javobgarlikka tortishdan tashqari, ularga murojaat qilgan fuqarolarga nisbatan ham chora ko‘radi.
“O‘tkazilgan tezkor-profilaktika tadbirlari natijasida folbin va jodugarlarga murojaat qilgan fuqarolar ularning xizmatlari uchun haq to‘lab, bu orqali folbinlar faoliyatini rivojlantirayotgani aniqlandi. Ularning xizmatiga murojaat qilgan barcha shaxslar Ichki ishlar vazirligining hududiy organlariga chaqirilib, ularga nisbatan tegishli bayonnomalar tuziladi hamda ma’lumotlari va fotosuratlari boshqarma ma’lumotlar bazasiga kiritiladi”, deyiladi IIV axborotida.
Bildirilishicha, oxirgi bir oyning o‘zida 150 dan ortiq folbinga borgan shaxslar vazirlik ro‘yxatidan o‘tkazilgan va ularga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, so‘nggi paytlarda huquq-tartibot idoralari folbinlarni aniqlash, muntazam reydlar o‘tkazish bilan faol shug‘ullanmoqda. Ushbu sa’y-harakatlarga qaramay, folbinlar va sehrgarlar xizmatidan foydalanadiganlar soni ko‘pligicha qolmoqda.
Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, yil boshidan buyon Dushanbeda sehrgarlik bilan shug‘ullangan 141 kishi qo‘lga olingan.
Joriy yilning 21 iyunida Tojikiston Respublikasi "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks"ning 482-moddasiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, folbinlik va jodugarlik bilan shug‘ullanganlik uchun eng kam oylik ish haqining 80 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solinadi yoki 10 dan 15 kungacha muddatga ma’muriy tartibda qamoqqa olinadi.
Ma’lumot uchun, Tojikistonda jodugarlik uchun ma’muriy javobgarlik 2008 yilda joriy etilgan bo‘lsa, 2015 yildan boshlab sehr-jodu marosimlarini o‘tkazganlik uchun 7 yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mamlakat Jinoyat kodeksiga 240-modda (“Jodugarlik va fol ochish”) qo‘shilgan. Unda ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida ushbu harakat takrorlansa, jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi qayd etilgan. Unga ko‘ra, folbinlar hisob-kitob ko‘rsatkichining 1500 dan 2000 baravarigacha jarima yoki bir yildan ikki yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinadi.
LiveBarchasi