Baliq boshidan – Prokuraturadagi poraxo‘rliklar haqida Ortiqova nima deydi?
Intervyu
−
10 fevral 2020
19292Avvalroq, QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova bilan suhbatlashgani haqida xabar bergan edik. Mazkur videointervyuda Svetlana Ortiqova Prokuratura organlaridagi poraxo‘rlikka ham to‘xtaldi.
Qamariddin Shayxov: — 10 yil deganda prokuraturaga qaytdingiz. Bu juda katta fursat. Bu davr oralig‘ida davlat rahbariyati o‘zgardi, odamlar o‘zgardi. Saviya ham o‘zgaryapti. Qonunchilikdagi o‘zgarishlarni ham ko‘rib turibmiz. Prokuraturada nima o‘zgardi?
Svetlana Ortiqova: — Dunyo o‘zgaryapti, davlatimiz ham o‘zgaryapti. Yangi O‘zbekiston bo‘ldi.
Q.Sh.: — Bo‘la oldimi?
S.O.: — Bo‘ldi. Bunga 100 foiz ishonchim komilki. Yangi O‘zbekiston paydo bo‘ldi. Misol uchun men mana shunaqa O‘zbekiston bo‘lishini xohlagan edim. Erishamizmi qachondir mana shunday O‘zbekistonga degan o‘y bor edi.
Xorijiy hamkasblar bilan gaplashishda ancha qiynalgan edim. Hozir oson bo‘ldi. Ko‘p narsalar bor edi. Tilim bog‘liq edi. Lekin davlatni, xalqni, qonunchiligimizni himoya qilish kerak edi. Juda qiyin edi. Hozir ancha osonlashdi. Qonunchilikda ham, jamiyatdagi o‘zgarishda ham, davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi sabab prokuror va siyosatchi sifatida xalqning oldida tilimiz ancha burro bo‘lib qoldi. Xorijiy hamksblarning oldida tilimiz ancha burro bo‘lib qoldi. Albatta, kamchiliklarimiz talaygina, lekin qilingan ishlarni aytish kerak. Uni ko‘rsata bilish kerak. Sizu bizning eng katta kamchiligimiz o‘z ishimizni ko‘rsatib berolmayapmiz. Ba’zilar buni maqtanchoqlik deb hisoblashi mumkin, lekin qilingan ishlarni aytish kerak. Bu ishlarning zamirida qanday mashaqqatli mehnatlar yotibdi. Qonunchilikdagi qanday o‘zgarishlar yotibdi.
Qolaversa, xalqimizda dunyoqarash, saviya o‘zgardi. Agar xalqimizda dunyoqarash va saviya o‘zgarmaganda, islohotlar mana shunday shiddat bilan hayotga kirib kelmagan bo‘lardi. Shu ma’noda biz o‘zimizni Prezidentning yordamchisi sifatida tan olishimiz kerak. Chunki, Prezidentga siz bilan biz yordam bermasak, tashqaridan kelib hech kim yordam bermaydi.
Ochiq bo‘lishimiz kerak. Lekin kamchiliklarni ham tan olishga, ha kamchiliklarimiz bor deyishga g‘ayratimiz bo‘lishi kerak.
Q.Sh.: — 10 yilda prokuraturada nima o‘zgardi? Prokurorlarda nima o‘zgardi?
S.O.: — Prokurorlar faoliyatiga IT-texnologiyalar kirib keldi. Bizning faoliyatimiz ancha-buncha shaffof bo‘ldi. Shuni ham tan olish kerak. Lekin, ba’zi voqealar sabab prokurorlarning kayfiyati sinib qoldi, yaxshi tomonga o‘zgararmikanmiz, deb ko‘ngillari ancha so‘ndi. Prokurorlarimiz intelligent, madaniyatli, ma’rifatli, professional bo‘lishi kerak. Mana shuni tiklashimiz kerak.
Q.Sh.: — Bo‘lishi kerak... (!) Bo‘lolmadi.
S.O.: — Hammasi emas. Shuni ham tan olish kerak. Mana, jurnalistlarning ichida bitta jurnalist jinoyat sodir qilsa, hamma jurnalistlar shunaqa deb aytishga siz bilan bizda asos bo‘ladimi? Yo‘q, jurnalistlarning ichida ham haqiqatan qayg‘uradigan, haqiqatan ham yonib Qalampir-chi bo‘ladiganlar bor-ku.
Q.Sh.: — Baliq boshidan deyiladi. Bir emas, bir, ikki, uch...
S.O.: — Albatta, bu sharmandalik. Buni ham tan olish kerak. Lekin, prokuratura tizimini saqlab qolgan, prokuraturaning faoliyati orqali insonning huquq-manfaatlarini himoya qiladigan prokurorlar ham bor-ku. Biz prokuraturani, albatta, xalqchil prokuraturaga, xalq prokuraturasiga aylantirishimiz kerak. Boshqa ilojimiz yo‘q. Hozir o‘zga imkoniyatimiz ham yo‘q. Shu maqsadga albatta erishimiz kerak. Yo‘qsa, biz Prezidentimizning bizning oldimizga qo‘ygan vazifasini bajara olmay qolamiz.
Mazkur suhbatda Svetlana Ortiqova quyidagilar haqida ham gapirgan:
• Prokuratura organlaridagi poraxo‘rlik;
• 2005 yilda yuz bergan Andijon voqealarida qurollangan harbiylar tinch aholiga o‘q uzgani;
• Sudlardagi nohaqliklar va sudyalarni lavozimga tayinlashdagi ishtiroki;
• Hamon ikki xonali kvartirada yashashi;
• Senatning qo‘mita raisi lavozimiga tayinlanganida yig‘ilishga Mercedes'da, ammo qizining koftasi, singlisining kostyumida och borgani, uyi yonib ketgani;
• Kuch ishlatar tuzilmalar o‘rtasida liderlik va avtoritetga bo‘lgan intilish;
• Poraxo‘rlikda ayblangan sobiq Bosh prokurorlar;
• Avvalgi davrda tili bog‘liq bo‘lgani;
• Mamlakatda jinoyatchilikni yashirish holatlari haqida ochiq gapirdi.
Ushbu videointervyunining to‘liq shaklani QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi