“Halollik vaksinasi”ni qayerdan olamiz yohud bukurni go‘r to‘g‘rilaydimi?
Tahlil
−
26 yanvar 2020
16179Korrupsiya – O‘zbekistonda mustahkam ildiz otgan va rivojlanishning oyog‘iga bolta urayotgan, yo‘liga g‘ov bo‘layotgan illat. Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi global koalitsiya “Transparency International” tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha bergan xulosasi gapimizning yaqqol isboti bo‘la oladi. 2019 yil korrupsiya indeksi bo‘yicha O‘zbekiston 25 ballik ko‘rsatkich bilan dunyo reytingida 153-o‘rinni egalladi. So‘nggi 3 yilda ko‘rsatkichlarimiz yaxshilangan bo‘lsa-da, o‘rnimiz o‘sha-o‘sha “sinfxonaning orqa partalarida” turibdi.
Bizda ikki yo‘l bor: Birinchisi optimist bo‘lib, amaliyotda shukr qilish sindromini qo‘llaymiz. Ya’ni, o‘zimizdan pastda turgan Zimbabve, Suriya, Venesuela kabi davlatlarda korrupsiya ko‘rsatkichi yuqori ekanligi va biz bunga shukr qilishimiz lozimligini bir-birimizga mahliyo bo‘lib aytaveramiz. Bu sohada amaldagi Iqtisodiyot va sanoat vazirining tajribasi katta, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yoki bo‘lmasa, o‘sha ro‘yxatdagi yuqori o‘rinni egallagan davlatlar tajribasini bizda o‘rganib, yo‘lga qo‘yishni boshlaymiz. Menimcha, birinchi yo‘lni o‘xshamaganini hamma amaldor gapirib bo‘ldi. O‘tgan 25 yil... Esingizga tushdimi?
Ko‘rsatkichlari bo‘yicha “oltin medal”ni olgan Yangi Zelandiya Tinch okeanida joylashgan davlat hisoblanadi. Lekin bir narsani unutmaylik, bu mamlakat ham korrupsiyadan holi joy emas, darajasi boshqa davlatlarga nisbatan ancha kam, xolos.
O‘tish bosqichida Yangi Zelandiya hukumati korrupsiyaga qarshi kurashni sohadagi xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish, qonunchiligiga implementatsiya qilish va ta’lim dargohlaridagi o‘rganuvchilar onggida korrupsiyaga nafrat uyg‘otishdan boshladi. Keyinchalik tizimni isloh qilish davom ettirildi. Mamlakatdagi huquqni muhofaza qiluvchi eng katta tashkilot Yangi Zelandiya politsiyasi vakolatlarini nazorat qilish uchun Independent Police Conduct Authority tashkiloti tuzilgan. Tashkilot 1998 yilda qabul qilingan akt asosida tashkil etilgan va unda vakolatlari belgilangan. 1989 yilda qabul qilingan akt asosida boshqa vazifalar ham yuklatilgan.
Mazkur tashkilot vazifalari ijrosi yuzasidan faqatgina xalq “uyi” bo‘lgan Parlamentga hisob beradi. 12 mingdan ortiq xodimiga ega Yangi Zelandiya politsiyasining faoliyatini kuzatadi. Bundan tashqari, aslida “jamoatchilik advokati” bo‘lish kerak bo‘lgan Yangi Zelandiya Ombudsmani instituti (maori tilida - Tari o te Kaitiaki Mana Tangata) ham amaliyotda yaxshigina ta’sir kuchiga ega. Uning asosiy vazifasi davlat tashkilotlari ustida tushgan ariza bo‘yicha tekshiruv o‘tkazish hisoblanadi. 1983 yilda Rasmiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi aktga ko‘ra, rasmiy ma’lumot so‘ralganda javob bermagan tashkilotlarni tekshirish vakolati ham berildi. Unda, shuningdek, qamoqxonalar va mahbuslar shart-sharoitini istalgan vaqtda tekshirish huquqi mavjud. Qisqacha aytsak, Yangi Zelandiya korrupsiyaga qarshi kurashishda intitutsional rivojlanish va ta’lim yo‘lini tanlagan.
Korrupsiyaga noodatiy kurashgan hukumatlar ham bor. Misol uchun Osiyo moliya markazi va Xitoyning avtonom maxsus ma’muriy tumani – Hongkongni oladigan bo‘lsak, ularda korrupsiyaga kurashishda ayblilik prezumpsiyasi joriy etildi, alohida tergov tashkiloti tuzildi va OAV ko‘magidan keng foydalanildi.
O‘tgan asrning 70-yillari Hongkong jinoyatchilik va korrupsiyaning “uyasi” edi. 1974 yilda shahar gubernatori va reformator Morrey Maklehos o‘z islohotlarini o‘tkazgan. U huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi tergov bo‘limlarini tugatdi va tergov, hibsga olish va mulkni qonuniy musodara etish huquqiga ega bo‘lgan alohida korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mustaqil komissiya tashkilotini tuzdi.
Ayblilik prezumpsiyasi joriy etildi. Unga ko‘ra, amaldor ustidan asosli ariza tushganda u sudda aybsizligini isbotlashi kerak bo‘ldi. Ya’ni, komissiyaga ma’lum bir davlat ishchisi ustidan korrupsiya masalasida ariza kelib tushsa, u sudda aybini isbotlamaguncha, aybdor hisoblandi. Bundan tashqari, komissiya OAV va jamoatchilik bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Korrupsiya sabab qo‘lga olingan va sudda aybi isbotlangan shaxslar haqida OAVda istalgancha ma’lumotlar tarqatildi.
Sud ishlari har bir bosqichda OAV uchun lang ochib qo‘yildi. Ularning korrupsion sxemalari oshkor qilindi va boshqalarga ibrat bo‘lsin deb gazeta-jurnallarning birinchi sahifalariga olib chiqildi. Bizda esa sobiq Bosh prokurorlar Rashid Qodirov, Otabek Murodov va sobiq Bosh prokuror va DXX raisi bo‘lgan Ixtiyor Abdullayevlar ishi yopiq ko‘rildi, ko‘rilmoqda. Jamoatchilik ularning jinoiy sheriklari kimlar, ular qanday va qay tartibda yirik jinoyatlarni amalga oshirganidan bexabar qolmoqda.
Qo‘shimchasiga Hongkongda jamoatchilik uchun alohida ishonch telefonlari joriy etildi. Har bir qo‘ng‘iroq korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasining nazoratida turdi. Hongkong hukumati shu sababli korrupsiya darajasi kamligi bo‘yicha hozirda 76 ko‘rsatkich bilan dunyoda 16-o‘rinni zabt etmoqda (Transparency International index).
Xitoyda avvaliga har bir amaldor daromadlar deklaratsiyasini to‘ldirdi. Keng jazo qat’iylashtirilib, korrupsiya bilan qo‘lga olingan shaxslarga o‘lim jazosini qo‘llash boshlandi. Natijada Amnesty International ma’lumotlariga ko‘ra, 2000-yillarning o‘zida 20 mingdan ortiq amaldor otib o‘ldirildi. Hozirda barcha miqdordagi korrupsiyaga ham o‘lim jazosi mavjud emas. Lekin o‘lim jazosi ham yuqoridagi davlatlardagidek natija bermadi. Hozirda u ko‘rsatkichlari bilan dunyoda 80-o‘rinda bormoqda.
Qo‘shni Qozog‘iston kabi ayrim davlatlar esa korrupsiyaga qarshi kurashda korrupsiya haqida asosli xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va shaxsini bildirmaslik yo‘lidan bordi. Har qanday xabar tekshirish uchun asos bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Ba’zi davlatlarda (Hindiston, Yaman va boshqalar) “biz har qanday ko‘rinishdagi korrupsiyani yo‘q qilamiz” shiori tushirilgan soxta 50 rupiya ko‘rinishidagi kupyuralar tarqatildi. Birgina 2007 yilda Hindistonning o‘zida shunday jumlalar yozilgan 2 milliondan ortiq kupyuuralar tarqatilgan edi. Bu samarali usul va korrupsiya olishni istagan shaxsni sergaklantirardi.
Prezident o‘z Murojaatnomasida jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgani, unga qarshi kurashilmasa, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmasligini bildirdi.
Tadbirkorlar hozirgacha yer ajratish, kadastr, qurilish, litsenziya, bojxona, bank, davlat xaridlari kabi sohalarda korrupsiyaga duch kelayotganini Prezident nomiga kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar ham, matbuot va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar ham yaqqol ko‘rsatayotgani xususida so‘z bordi.
Korrupsiyaga qarshi eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatning barcha a’zolari “Halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Lekin o‘sha vaksinani qayerdan olamiz, degan savolni ko‘ndalang qo‘ydi Prezident.
“Biz bilmaymizmi kim poraxo‘r ekanini? Bilamiz. Shundaylarga “Halollik vaksinasi”ni ichirishimiz kerak”, deydi davlat rahbari. Shu maqsadda Murojaatnomada parlament va Prezidentga hisob beradigan, korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tashkil etish taklifi bildirildi.
Hozirda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tashkilot Bosh prokuratura hisoblanadi. Lekin tan olish kerak, prokuratura tizimi korrupsiya botqog‘iga botib ketgan. Buni Prezident bir necha marta o‘z chiqishlarida gapirgan va oxirgi uch yilda 3 ta Bosh prokuror va prokuratura tizimida ishlovchi bir qancha rahbarlar qamalgani gapimizning yaqqol isboti. Tizim o‘zgarmasa, korrupsiyaga ehtiyoj va yo‘l qolaversa, inson faktori korrupsiyani amalga oshirishda davom etaveradi.
Balki Prezident gaplaridan so‘ng, alohida Tergov departamenti joriy qilinar. U faqatgina Parlament yoki Prezidentga bo‘ysunishi normal davlatlar qonunchiligida belgilab qo‘yilgan. Alohida tashkilot tuzilgach, boshqa huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlardagi korrupsiyaga qarshi kurashuvchi bo‘limlar tugatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Kunda korrupsiyaning u yoki bu ko‘rinishida duch kelishingiz aniq. Siz bu borada Prezidentga qanday taklif bergan bo‘lardingiz? Biz halollik vaksinasini qayerdan olamiz?