Davlat kursisi xizmat uchunmi yoki cho‘ntak?
Tahlil
−
20:40
27663575 kishi – bu raqam O‘zbekistondagi davlatga sodiq, kasbi yo‘lida halol mehnat qilayotgan odamlar soni bo‘lishi mumkin edi, ammo baxtga qarshi bu korrupsiya yo‘li orqali davlat va fuqarolar mulkini talon-toroj qilgan mulozimlar soni.
Qadim tarixdan bunday lavozimini suiiste’mol qiluvchi amaldorlarga qattiq jazolar qo‘llangan. Rossiyada poraxo‘rlar osilgan, Xitoyda ommaviy qatl etilgan, Shvetsiyada pora olgan sudyalar qo‘li kesilgan. Xo‘sh, bugun-chi, ularga nisbatan hozir ham shunday og‘ir chora ko‘rayotgan davlatlar bormi? O‘zbekistonda-chi, korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan amaldor uchun eng og‘ir jazo qanday? QALAMPIR.UZ shu savollarga javob topishga harakat qildi.
Korrupsiyaga qarshi kurash: dunyo tajribasi va jazolar
Daniya
2023 yildagi tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, Daniya korrupsiya darajasi 0 ga teng deya baholangan.
Daniya qonunlarida “korrupsiya” tushunchasi mavjud emas, lekin poraxo‘rlik, firibgarlik, mansab mavqeini suiiste’mol qilish kabi moddalar uchun jinoiy jazolar bor. Daniya qonunlariga muvofiq davlat xizmatchisiga pora taklif qilgan shaxs jarima yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin, pora olgan davlat xizmatchilariga nisbatan jarima yoki 6 yilgacha qamoq jazosi mavjud.
Yuqorida guvohi bo‘lganimizdek, bu davlatda korrupsiyaga qarshi juda qattiq jazo choralari qo‘llanilmasa-da, mamlakat aholisi mutlaq korrupsiya jinoyatiga yo‘l qo‘ymaydi. Buning asosiy sababi aholi korrupsiya illatining insoniylikka to‘g‘ri kelmasligini ongli ravishda tushunib yetgan.
Daniyadagi davlat idoralari, kasaba uyushmalari va boshqa tashkilotlar “korrupsiyaga mutlaqo toqat qilmaslik”ni belgilovchi alohida “axloq qoidalari”ni qabul qiladi. Masalan, butun mamlakat bo‘ylab 19 ming korxonani birlashtirgan Daniya sanoat konfederatsiyasi (DI) faoliyatidagi asosiy tamoyillardan biri korrupsiya, poraxo‘rlik va hokimiyatni suiiste’mol qilishning barcha shakllariga qarshi kurashdir.
Xitoy
Xitoy korrupsiyaga qarshi kurashda yetakchi davlatlar qatorida turadi. Ushbu davlat qonunlarida giyohvand moddalar, qotillik jinoyatlari bilan birga hukumat amaldorlariga pora berish uchun ham o‘lim jazosi mavjud. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Xitoy Kommunistik partiyasi yuqori lavozimli amaldorlarni shafqatsizlarcha hibsga oldi va qatl etdi.
Xitoyda jazo darajasi korrupsiya darajasiga qarab farq qiladi.
- 100000 yuan (176 907 605 so‘m)gacha bo‘lgan korrupsiya uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish;
- 100000 yuandan ortiq korrupsiya uchun 10 yildan boshlab to umrbod qamoq jazosi;
- 3 million yuan (5 307 228 150 so‘m) dan ortiq korrupsiya uchun o‘lim jazosi.
Yuqoridagi jazolar shaxs va uning oilasining barcha unvonlari, xizmatlari va mol-mulkini musodara qilish bilan birga amalga oshiriladi.
Joriy yilning oktyabr oyida Xitoy Markaziy banki raisining sobiq o‘rinbosari Fan Yifei Markaziy bank va boshqa moliya institutlaridagi, jumladan, Xitoy qurilish bankidagi yuqori lavozimidan foydalangan holda 386 million yuan (54,55 million dollar)dan ko‘proq qiymatdagi mol-mulkni noqonuniy qabul qilishda aybdor deb topilib, shartli o‘lim jazosiga hukm qilingan.
2024 yilda Xitoy Xalq Respublikasi sudining qaroriga ko‘ra, Bank of China’ning sobiq partiya kotibi va boshqaruv kengashi raisi Lyu Lyange korrupsiya va noqonuniy kredit berish uchun o‘lim jazosi bilan jazolangan. Xitoy Oliy xalq prokuraturasiga ko‘ra, Lyu 121 million yuanga (16,8 million dollar) teng pora olgan.
Joriy yilda Xitoyning Guandun provinsiyasi Umumxitoy xalq vakillari kengashi doimiy qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Chen Szisin ham pora olishda aybdor deb topilib, shartli o‘lim jazosiga hukm qilindi.
Chen Szisin o‘zi yoki boshqalar orqali 2012-2022 yillar davomida noqonuniy sovg‘alar olib kelgan. U o‘z jinoyatlarini tan olib, chin dildan afv so‘rab, mol-mulklarning katta qismini qaytarib bergan, bu esa uning jazoni yengillashtirishiga asos bo‘lgan. Sud bu holatlarni hisobga olib, pora olish jinoyati uchun o‘lim jazosini kechiktirishga va ta’sir o‘tkazib pora olish jinoyati uchun jazoni yengillashtirishga qaror qilgan.
Xitoy hukumati korrupsiyaga qarshi kurashni madaniy sohada ham olib bormoqda. So‘nggi yillarda mamlakatda korrupsiya haqidagi tergovlar bo‘yicha televizion seriallar mashhur bo‘lgan, ularning asosiy g‘oyasi: hech qanday sabab bilan davlat mulkini o‘g‘irlash mumkin emas.
Eron
1979 yildan beri, ya’ni Eronda Islom inqilobi g‘alaba qozonganidan buyon mahalliy sudlar korrupsionerlarga qarshi shariatga ko‘ra kaltaklash, oyoq-qo‘llarini amputatsiya qilish va hatto toshbo‘ron qilish kabi jazo choralarini qo‘llashmoqda.
2016 yilda Tehron bosh prokurori Said Mortazavi sud tomonidan korrupsiyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilganidan keyin 135 marta qamchi urishga hukm qilingan.
Qamchining 70 tasi “davlat pullarini o‘zlashtirgani” uchun, yana 65 tasi esa “o‘z vazifalarini e’tiborsiz qoldirib, moliyani behuda sarflagani” uchun berilgan.
2018 yilda Eronda yana korrupsion holat aniqlangan. Markaziy bankning 16 nafar sobiq xodimi 3,5 million dollarlik pora olganlikda aybdor deb topilgan va ommaviy kaltaklangan. Jazo shu bilan tugab qolmay, amaldorlar qamoqxonalarga yuborilib, 74 qamchi urilgan va 10 yil ozodlikdan mahrum qilingan.
Saudiya Arabistoni
Birlashgan Arab Amirliklarining huquqiy tizimi Eronnikiga yaqin: ikkalasi ham shariatga asoslangan. Biroq Arabiston hukumati ommaviy qatllarni yoqlamaydi.
2017 yilda shahzoda Muhammad ibn Salman ol-Saud boshchiligida 500 nafar yuqori martabali shaxs korrupsiya holatini sodir etgani uchun hibsga olinib, davlatga 107 milliard dollar qaytargan. Hibsga olinganlar Ritz-Carlton mehmonxonasida ushlab turilgan, bu joy keyinchalik “shohona qamoqxona” nomi bilan mashhur bo‘lgan.
2019 yil fevral holatiga ko‘ra, taxminan 50-60 nafar yuqori martabali shaxslar “luks” qamoqxona bo‘lgan mehmonxonada jazolanishda davom etmoqda.
Shimoliy Koreya
Kommunistik davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurashda jazo ommaviy tarzda berilmaydi. Odatda, korrupsiyada ayblanganlar yashirin ravishda otib tashlanadi va bu haqda ommaviy axborot vositalariga kechroq xabar beriladi.
Shimoliy Koreyada Kim Chen In hokimiyat tepasiga kelganidan keyin korrupsiya jinoyati uchun qatllar soni ko‘paygan. 2015 yilda uning farmoyishi bilan Shimoliy Koreya armiyasi operativ boshqarmasining sobiq rahbari general Pxen Ying Son qatl etildi. U “korrupsioner va yuqori lavozimli ofitserlarning farmoyishlarini bajarmagan ofitser” deb topilgan. Shu bilan birga, ayblovlarning butun ro‘yxati bo‘yicha – o‘g‘rilikdan tortib Janubiy Koreya filmlarini yashirincha tomosha qilishgacha yana 50 ta o‘rta va yuqori martabali amaldorlar qatl etilgan.
O‘zbekiston
O‘zbekistonda 2023 yilda 3575 nafar mansabdor shaxs 3412 ta jinoiy ish bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.
2023 yilda umumiy hisobda amaldorlar davlat byudjetiga 1 trillion 12 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazgan. Shundan 847 milliard so‘m undirilgan.
Mavqei bo‘yicha respublika miqyosida 49 nafar amaldor jazolangan. Quvonarlisi, bu 2022 yilga nisbatan birmuncha kam bo‘lgan. Misol uchun, 2022 yilda respublika bo‘yicha 110 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan. Viloyat miqyosida 2022 yilda 264 nafar xodimlar javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2023 yilda esa 267 nafar “kursi egasi” o‘z jazosini olgan. Tuman va shahar miqyosida esa bu statistika oshgan. Masalan, 2022 yilda 2742 nafar, 2023 yilda 3259 nafar amaldor javobgarlikka tortilgan.
Statistikaga ko‘ra, 2023 yilda mansabdorlar tomonidan eng ko‘p o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan o‘zganing mulkini talon-toroj qilish jinoyati sodir etilgan. 2023 yilda amaldorlar pora olish bo‘yicha 2022 yilgi rekordni yangilagan. 2022 yilda 169 nafar mansabdor pora olgan bo‘lsa, 2023 yilda amaldorlar bu raqamlarni 195 nafarga yetkazgan. Ushbu yilda mansab soxtakorligi va mansabga sovuqqonlik bilan qarash jinoyatlari ko‘paygan.
2024 yilgi statistika hali e’lon qilinib ulgurmadi, ammo kundalik xabarlarni ko‘rib korrupsiya bilan bog‘liq holatlar bu yilda ham ko‘payganini bilishimiz qiyin emas. Eng achinarlisi esa korrupsiyaga qarshi kurashishi kerak bo‘lgan, pora olganlarni “qo‘liga uradigan” Korrupsiyaga qarshi kurashish va kompleks nazorat bo‘limi boshlig‘i ham pora bilan qo‘lga tushgani o‘lganning ustiga tepgan bo‘ldi. Bu xabarlarni o‘qib, yana rekordlar yangilanadi degan xavotirga tushadi kishi. Axir bemor shifo tilab, tabibga borsayu, tabibning o‘zi ham xastaligini ko‘rsa, na o‘ziga, na tabibga achinishini bilmay qoladi.
Nega O‘zbekistonda korrupsiya holatlari ko‘paymoqda? Mansabdorlar nima sababdan hayiqmay davlat pullarini o‘zlashtirishga urinmoqda? Qonunchilikda korrupsiya holatlari uchun qandaydir jazo turi mavjudmi?
O‘zbekistonda korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlik uchun belgilangan jazo qonunchilikda aniq ko‘rsatilgan bo‘lib, bu jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sifatida turlicha javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin. Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar uchun quyidagi jazolar belgilangan:
Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik, asosan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida (15-bob, 210-214-moddalar) ko‘rsatilgan. Korrupsiya jinoyatlari quyidagi holatlarda jinoiy javobgarlikka olib keladi:
Korrupsiya jinoyatlari:
- Pora berish va qabul qilish: Shaxslar yoki mansabdorlar pora (pul yoki boshqa foydali narsalar) olish yoki berish orqali korrupsiya jinoyatini sodir etishlari mumkin. Bu holat uchun jazo 3 yildan 12 yilgacha qamoq jazosiga olib kelishi mumkin, shuningdek, mol-mulkni musodara qilish ham mumkin.
- Mansabni suiiste’mol qilish: Mansabdor shaxslar o‘z lavozimidan foydalangan holda qonunga xilof ish tutishlari yoki hukumat mablag‘larini xatoga yo‘l qo‘yish orqali shaxsiy manfaatlarga yo‘naltirsa, bunday harakatlar ham jinoyat hisoblanadi. Jazo sifatida qamoq jazosi, jazo muddatini qisqartirish yoki mulkni musodara qilish ham mumkin.
- Korrupsion faoliyatni tashkil etish: Korrupsion faoliyatni boshqarish yoki muayyan guruhlarga ruxsat berish uchun javobgarlik mavjud. Bu holatda ham jazo qamoq jazosini va mol-mulkni musodara qilishni o‘z ichiga olishi mumkin.
Jazo shakllari:
- Qamoq jazosi: Korrupsiya jinoyatlari uchun eng keng tarqalgan jazo – qamoq. Jazo muddatlari jinoyatning og‘irligiga qarab 3 yildan 12 yilgacha o‘zgarishi mumkin.
- Jarima: Ba’zi hollarda, ayblanuvchiga katta miqdorda jarima solinishi mumkin.
- Mulkni musodara qilish: Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etgan shaxsning noqonuniy ravishda olingan mol-mulki musodara qilinishi mumkin.
Ma’lum lavozimlardan mahrum qilish: Korrupsiyaga aloqador bo‘lgan shaxslar ma’lum lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Masalan, mansabdor shaxslar o‘z lavozimlaridan haydalishi mumkin.
Korrupsiyaga qarshi kurashda qonunchilik moddalarining borligi emas, ularga amal qilish muhim. O‘zbekistonda korrupsiyani jilovlashga qaratilgan chora-tadbirlar shaklan jiddiy, mazmunan mukammal ko‘rinsa-da, amalda ham shunday deyolmaymiz. To‘g‘ri, korrupsiya jinoyatini sodir etgan mansabdorlar qo‘lga olinmoqda, biroq biroz muddat o‘tib, ushbu jinoyatga doir xabarlar odamlar hayolidan ko‘tarilishi bilan yana qayta o‘z amal kursilariga o‘tirganlarni ham bilamiz. Mayli, nima ham derdik, qolganini vaqt ko‘rsatadi. Balki qonunlar ishlay boshlaganidan keyin ayrim amaldorlar davlat byudjetiga “shaxsiy cho‘ntak” sifatida qarashni yig‘ishtirar.
Iroda Mirvohidova
LiveBarchasi