573 mlrd so‘mlik shartnomalar tanish-bilishchilik yo‘li bilan tuzilgani aniqlandi
Jamiyat
−
07 iyun
9226Bugun, 7 iyun kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi binosida "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonun yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda agentlik direktori Akmal Burhonov o‘tgan yillar davomida tanish-bilishchilik yo‘li bilan tuzilgan shartnomalar haqida gapirdi.
"Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi hujjatda manfaatlar to‘qnashuvi nima ekanligi va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ygan davlat xizmatchilarining tegishli ravishda javobgarlikka tortilishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, shu kungacha qonunlarimizda javobgarlikka tortishga asos bo‘luvchi huquqiy mexanizmlar yo‘q edi. Shu sababdan bizda ularni javobgarlikka tortish imkoniyati yo‘q edi. Bu jamoatchilikning ham haqli e’tirozlarni keltirib chiqarayotgani hech kimga sir emas. Shu kabi omillar qonunning qabul qilinishi bugungi kunning dolzarb masalasi ekanligini belgilab beradi. Qonunchilikda bunday bo‘shliqlarning mavjudligi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq korrupsiyaviy harakatlar sodir etilishiga imkon yaratib berayotgandi”, deydi u.
Burhonovga ko‘ra, o‘tgan 2022-2023 yillarda birgina davlat xaridlari bo‘yicha 4 yarim mingta 573 milliard so‘mlik shartnomalar manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgani aniqlangan. Shuningdek, vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari tomonidan tizim tashkilotlarida 141 milliard so‘mlik 2 ming 720 ta shartnoma haqiqatdan manfaatlar to‘qnashuvi mavjud holatda tuzilganligi, 9 ta shartnoma esa 3 milliard so‘mga qimmat narxlarda tuzilganligini ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, anjumanda yana bir ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzu – davlat xizmatchilari va mansabdor shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari haqida ham so‘z bordi. Bildirilishicha, o‘tgan davr mobaynida bir yarim mingga yaqin hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va hokim yordamchilari tadbirkorlik sub’ektlarining boshqaruv organlarida ishtirok etayotgani aniqlangan.
“Hattoki, vazirlik va idoralarning yuqori rahbarlik lavozimlarida faoliyat yurituvchi shaxslarda ham bunday holatlar aniqlangan. Lekin o‘zingiz ham ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda guvohi bo‘lgansizlar, bevosita ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va blogerlarning o‘zi mana shu holatlarni ochishga yordam bergan. Men ishonch bilan ayta olamanki, mana shu “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi yangi imzolangan qonunning amaliyotga tatbiq etilishi, manfaatlar to‘qnashuvi uchun javobgarlikning belgilanishi davlat xizmatida nepotizm, qarindosh-urug‘chilik, urug‘-aymoqchilikning oldi olinishiga, korrupsiyani bartaraf etishga imkoniyat yaratadi. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning davlat xizmatiga bo‘lgan ishonchining ortishiga xizmat qiladi”, deydi agentlik rahbari.
LiveBarchasi