Poraxo‘rlikka qarshi kurashish virtual akademiyasi ishga tushadi
Jamiyat
−
23 iyun
51682025 yil 1 yanvardan aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi joriy etiladi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, virtual akademiyada o‘quv faoliyatini tashkil etish va yuritish agentlik hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Bu borada "Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Prezident Qarori imzolandi.
Agentlik:
— o‘qitilishi lozim bo‘lgan davlat xizmatchilari kontingentini shakllantiradi va Akademiya bilan kelishgan holda yillik o‘qitish reja-grafigini tasdiqlaydi;
— o‘quv jarayoni sifatli tashkil etilishini monitoring qilib boradi;
— yangi o‘quv modullarini joriy etish bo‘yicha Akademiyaga takliflar kiritadi;
— o‘quv jarayoniga jalb qilingan davlat organlari va tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi;
— Akademiya bilan birgalikda har yili Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashiga Virtual akademiya faoliyati yuzasidan axborot kiritadi.
Virtual akademiyada o‘qitish quyidagi kontingent uchun olib boriladi:
- aholi, tadbirkorlik sub’ektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari vakillari;
- ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalari;
- davlat organlari va tashkilotlarining davlat xizmatchilari;
- davlat ishtirokidagi korxonalarning xodimlari.
Virtual akademiyada o‘qitish bazaviy (barcha foydalanuvchilar uchun bepul) hamda maxsus o‘quv kurslari (to‘lov-shartnoma asosida) bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat xizmatchilariga maxsus o‘quv kurslarida malaka oshirish majburiy hisoblanadi, bunda:
— ishga qabul qilinganidan so‘ng uch oy ichida o‘quv kursidan o‘tadi;
— malaka oshirishning davriyligi har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi.
Bildirilishicha, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xizmatchilar uchun maxsus kurslar chuqurlashtirilgan o‘quv dasturlari asosida olib boriladi. Maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga sertifikat beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Transparency International” korrupsiyaga qarshi kurash tashkilotining “Korrupsiyani aniqlash” indeksida dunyo mamlakatlaridagi korrupsiya darajasi e’lon qilinib, 2023 yilda o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekiston ushbu reytingga kiritilgan 180 davlat orasida nechanchi o‘rinni qayd etgani haqida xabar berilgandi.