Biliming bir tiyin. O‘zbekiston bu! – 2
Tahlil
−
25 iyul
38665Korrupsiya bilan qo‘lga tushayotgan mansabdoru o‘qituvchilar, Temurbeklar maktabi bitiruvchilari sabab jabr ko‘rgan abituriyentlar, ta’lim sifatining yomonligi sabab kuni o‘quv markazlarining eshiklarida o‘tayotgan o‘quvchilar, joriy yilda esa yuridik sohada dasturdan tashqari berilgan savollar sabab past ball olgan yoshlar. Bu ro‘yxatni hali uzoq davom ettirish mumkin. Har yili shunday muammolar bilan yoshlar adolat istab, QALAMPIR.UZ eshigini qoqib keladi. Bu safargi qahramonlarimiz ham Bilim va malakalarni baholash agentligi (BMBA) “qurbonlari”.
Aslida yuridik sohaga hujjat topshirgan abituriyentlarning test sinovlari faqat 14 iyul emas, 15 sanada ham bo‘lib o‘tgan. Bir necha yildan buyon bu imtihonga tayyorlangan abituriyentlarning aytishicha, savollar to‘liq testga tayyorlanish uchun berilgan adabiyotlardan tushmagan.
BMBA vakili esa QALAMPIR.UZ so‘roviga boshqacharoq javob berdi. Uning aytishicha, barcha savollar o‘quv dasturi doirasida bo‘lgan.
Ammo na maktabda ushbu dastur asosida o‘qitilgan o‘quvchilar, na o‘qituvchilar Zohid Shakarovning so‘zlariga qo‘shilmadi. Bir necha maktab darsliklari hammuallifi, testolog Bahodir Mahmudboyevning so‘zlariga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining bironta dasturi va o‘quv rejasida imtihonda qo‘llanilgan kodeks va sanksiyalar kiritilmagan. Ustiga ustak, o‘quv dasturlarning rejalari kitobdagi mavzulardan tuzilgan. Bu esa o‘quv dasturlardagi ma’lumotlar maktab darsliklarida to‘liq aks etgan degani. Ammo imtihonda qo‘llanilgan test savollaridagi sanksiyalar na o‘quv dasturida, na maktab darsliklarida berilmagan.
Sanksiya bo‘lsa sanksiyada, shunga ota go‘ri qozixonami dersiz. Bir jihatdan gapingiz ham to‘g‘ri, yurist bo‘laman degan odam sanksiya-yu kodekslarni bilmasa bo‘ladimi! Ammo O‘zbekistonda qancha kodeksu qancha sanksiya borligini siz bilasizmi? Bu savolni adabiyot, iqtisod yoki boshqa fan o‘qituvchisi yoki huquq sohasidan yiroqda bo‘lganlarga emas, aynan bir necha yildan buyon advokatlik qilayotganlarga beryapman.
Intervyu jarayonida yana bir jihat e’tiborimizni tortdi. Suhbat qilganimizda abituriyentlarning katta qismiga bir xil savollar tushgan. Xuddi shu savollar ikkita smenada ham takrorlangan. Savol tug‘iladi: BMBAning bazasida bir fandan kamida bir necha mingta test bo‘lishi kerak emasmi? Bu nafaqat boshqa smenadagi, balki bir smenadagi o‘quvchilarga ham bir xil test tushib qolish ehtimoli juda kichik ekanligini bildiradi. Ammo vaziyat bunday bo‘lmadi. Testlarning tez-tez takrorlangani bu yil uchun alohida kamroq test tuzilganmi, degan taxminga olib keladi. Ammo bu nima uchun kerak? Ba’zida odamlar orasida, testlar avvaldan sotilib, o‘quvchilarga yodlatiladi, degan gaplar bolalaydi. Holat shu gaplarni eslatib yuboryapti. Kamroq testni yodlash osonroq bo‘ladi. Bu, albatta, isbotlanmagan gaplar, har holda olgan odam oldim, sotgan odam esa sotdim demaydi.
Shuningdek, shaxsi sir saqlanishini istagan bir nechta odam “an’anaga” aylangandek, savollar sotilgani, imtihon boshlanishidan avval tarmoqlarda tarqatilganini iddao qilmoqda. Bu so‘zlar qanchalik haqiqatga yaqin yo yo‘q, bizga qorong‘i.
Ertaga ish topa oladimi-yo‘qmi, ishonchi komil bo‘lmasa ham birgina bakalavr diplomini olish uchun O‘zbekistonda har yili millionlab bolalar yillar davomida qo‘shimcha kurslarga qatnaydi. Birgina xato yechilgan test ularni kontraktga tushirib qo‘yishini bilgan holda o‘qishning yuki og‘ir. Oddiygina eshitilgan 189 ballning ortida yillab uyqusiz tunlar, og‘ir mehnat, ota-onaning ishonchi turadi. Abituriyentlar har yili kamida 5-6 ta darslikni yod olishi kerak. Qaytarib aytamiz, o‘qib chiqishi emas, yod olishi kerak! 10 yoki 15 ta emas, naq 90 ta testni o‘z bilimingiz bilan to‘g‘ri yechishni tasavvur qilyapsizmi? Mana shu mashaqqatlar bugun bu yoshlarni QALAMPIR.UZ’gacha olib keldi.
Bugun Yangi O‘zbekiston yoshlari aslida maktabda o‘qitilishi kerak bo‘lgan bilimlarni pul va vaqt sarflab o‘quv markazlarida o‘rganishga majbur. Maktabning bilimi bilan oliy ta’lim muassasalariga, ayniqsa, nufuzli universitetlarga kirishning imkoni yo‘q. Bu esa aholisining katta qismi o‘rtacha 3 million so‘mlik oylikka kun kechiruvchi mamlakat uchun ancha og‘ir ko‘rsatkich. Bir oilada 2-3 nafar abituriyent o‘qitadigan ota-onalar bor. Bitta kurs narxi 500 ming so‘mdan millionlarga qarab ketadi. Bitta o‘quvchi esa naq 5 ta fandan imtihon topshiradi. Agar sertifikat olib qo‘yaman, desangiz, unga oylab tayyorlanish va imtihon topshirish ham pul turadi. Masalan, eng ommalashgan IELTS imtihonining narxi 2 million so‘mdan ortiq. Hali yo‘lkira haqi, oziq-ovqat, kitoblarga sarflanadigan pullar ham bor.
Bu ham hali hammasi emas, agentlik abituriyentlarga har bir fandan uzundan uzoq o‘qilishi kerak bo‘lgan darsliklar ro‘yxatini beradi. Tayyorlanuvchi ularning har birini oylab vaqt sarflab yod oladi, chunki savollar shu ro‘yxatdagi har bir kitobdan tuziladi. Ammo testolog Mahmudboyev bu yil naq 2 ta kitobdan bironta ham test tushmaganini aytmoqda.
2024 yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” yili deb e’lon qilingandi. Ammo yoshlar olgan bilimi sabab eshikma-eshik sarson bo‘lar ekan, yil nomi o‘zini oqlamaydi. Yillab umri, mablag‘i va ota-onasining ishonchini o‘rtaga tikkan yoshlar uchun bu arzimagan ballar emas. Ha, bu abituriyentlar kelasi yil ham topshirishi mumkin, ammo adolatga nisbatan o‘layotgan ishonchning sinishi-chi?
Bugun QALAMPIR.UZ studiyasiga kelgan yoshlar o‘z bilimiga ishonadi. Ular adolat tiklanishini so‘rashyapti. Balki imtihonda tushgan savollar sanksiya va kodekslardan tushmaganida, hozir oila a’zolari bilan talaba bo‘lishganini nishonlashgan bo‘larmidi. Agar adolat tiklanmas, ta’lim tizimi o‘nglanmas ekan, yoshlar mamlakatni tashlab ketaveradi. Ushbu muammo mas’ullarga yetib boradi, deb umid qilamiz!