Korrupsiyaga qarshi yaxshi va yomon kurashgan tashkilotlar reytingi e’lon qilindi

Jamiyat

image

2024 yilda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ korrupsiyaga qarshi kurashda eng yaxshi natija qayd etgan bo‘lsa, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi bu borada eng yomoni bo‘ldi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomidan e’lon qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishidagi Prezident topshiriqlari ijrosi hamda 2024 yildagi korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligini reyting baholash natijalari”ga oid hisobotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bu yil 102 ta davlat tashkilotining  2024 yildagi faoliyati 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholashdan o‘tkazilgan. Shundan 13 ta davlat tashkiloti ilk marotaba, qolgan 89 tasi esa takroran baholangan.

Natijalarga ko‘ra, 41 ta tashkilot faoliyati samaradorligi “yaxshi” – (81-100 ball), 53 ta tashkilot “qoniqarli” – (55-80 ball) va 8 ta tashkilot “qoniqarsiz” – (55 balldan past) toifaga ajratilgan. 

Tahlillar ko‘rsatishicha, bu yil reyting natijalari o‘rtacha 73,8 ballni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 4,9 ballga (95 ta davlat tashkilotlari tomonidan o‘rtacha 68,9 ballni tashkil etgan), 2022 yilga nisbatan esa 14,3 ballga (62 ta davlat tashkilotlari tomonidan 59,5 ball) yaxshilangan.

Shuningdek, ijobiy natija qayd etgan davlat tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olishda samarali mexanizmlarning joriy etilishi natijasida o‘tgan davr mobaynida korrupsiyaga oid jinoyatlar soni kamayishiga erishilgan.

Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilga nisbatan Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida korrupsiyaviy jinoyatlar soni 71,4 foizga, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida 47,8 foizga, hokimliklarda 43,2 foizga, tijorat banklarida 31,9 foizga, Adliya vazirligi tizimida 21,9 foizga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tizimida 8,3 foizga kamaygan.

2023 yilgi reyting baholashda “qoniqarsiz” deb topilgan 13 ta davlat tashkiloti faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan agentlik bilan hamkorlikda amalga oshirilgan manzilli chora-tadbirlar natijasida ularning faoliyatida ham ijobiy o‘sish kuzatilgan.

Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi – 85 ball (2023 yilda – 10 ball), “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi AJ – 83 ball (28 ball), Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi – 82 ball (50 ball), Madaniy meros agentligi – 82 ball (22 ball), Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi – 78 ball (5 ball), Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi – 72 ball  (18 ball) bilan ijobiy natija qayd etgan.

Shuningdek, “O‘zbekko‘mir” AJ  (48 ball) o‘tgan yili ijobiy natija (2023 yilda – 60 ball) qayd etgan bo‘lsa, joriy yilgi reyting baholashda “qoniqarsiz” toifadan joy olgan. Bundan tashqari, Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyati 9 ball bilan (2023 yilda – 16 ball) ketma-ket ikki yil davomida “qoniqarsiz” deb baholangan.

“Qoniqarsiz” toifadagi 8 ta tashkilotda korrupsiyaga oid preventiv mexanizmlarni qo‘llash, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish, xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, aniqlangan va baholangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar, ichki nazorat tuzilmasi faoliyatini samarali tashkil etish kabi muhim vazifalarning bajarilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilmagan.

“Qoniqarli” deb topilgan 53 ta davlat tashkiloti faoliyatida ham ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, jumladan, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligini monitoring va nazorat qilish bo‘yicha tadbirlar bajarilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan tartibda taqdim etish choralari ko‘rilmagan.

“Yaxshi” deb topilgan 41 ta davlat tashkiloti faoliyatida birinchi rahbarlarning irodasi namoyon qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan choralar tizimli ravishda amalga oshirilgan.

Reyting baholash tizimida eng yuqori natija “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (96 ball), Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi (95 ball), Markaziy bank (94 ball), Soliq qo‘mitasi, (92 ball), “O‘zbekneftgaz” va “Uzbekiston Airports” AJlari (92 ball), Raqamli texnologiyalar va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari (91 ball) tomonidan qayd etilgan.

Bildirilishicha, baholash yakunlari bo‘yicha “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi. “Qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar beriladi.

“Qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishlarida eshitib boriladi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Prezident tomonidan  “komplayens nazorat” tuzilmalari ishini tubdan o‘zgartirish, jumladan, 117 ta vazirlik va idoradagi nazorat tuzilmalari rahbarlarini lavozimidan ozod etib, ularning, o‘rniga halol, fidoyi va professional kadrlarni tayinlash, ularning oldiga aniq vazifalar qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Hozirgi kunda vazirlik va idoralardan 112 tasida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilma rahbarlari egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 5 tasida topshiriq ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Ichki nazorat tuzilmalari rahbarlari lavozimlarini 20 aprelga qadar ochiq tanlov to‘ldirish yuzasidan vazirlik va idoralarga Agentlikning topshiriq xati yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Korruptsiya Korruptsiyaga qarshi kurash antikor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing