Endi xorijliklar uchun Ayya Sofiyaga kirish pullik bo‘ladi
Olam
−
13 yanvar
4767Joriy yilning 15 yanvaridan chet ellik sayyohlar uchun Turkiyaning Istanbul shahridagi Ayya Sofiya masjidiga kirish pullik bo‘ladi. Bu haqda Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi xabar berdi.
Vazirlikning bayonotiga ko‘ra, Ayya Sofiya masjidida Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Ersoy tashabbusi bilan boshlangan restavratsiya va konservatsiya ishlari doirasida tashrif buyuruvchilar uchun tayyorlangan 3-galereyadagi Ahmet favvorasi qarshisida joylashgan chipta kassasi ish boshlaydi. Shuningdek, chet ellik sayyohlarga Ayya Sofiyani ziyorat qilishlari uchun masjidga alohida kirish joyi ajratilib, ekskursiya yo‘nalishi bo‘ylab xavfsizlik kameralari, yong‘inni aniqlovchi qurilma va favqulodda xabar berish tizimlari o‘rnatildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ayya Sofiyani ziyorat qilmoqchi bo‘lgan xorijlik sayyohlar 25 yevro (qariyb 341 ming so‘m) to‘laydi.
Eslatib o‘tamiz, vazirlik bu qarorga 2023 yilning oktyabr oyida kelgan edi. 2020 yilning iyul oyida Turkiya Davlat kengashi Istanbuldagi Ayya Sofiyani muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi 1934 yilda qabul qilingan Mustafo Kamol Otaturk farmoyishini bekor qildi. Shundan so‘ng, ushbu majmuadan masjid sifatida foydalanilishi ma’lum bo‘ldi.
Ayya Sofiya masjidga aylantirilishidan oldin unga kirish pullik edi. Turkiya Prezidenti ob’ektning maqomi muzeydan masjidga o‘zgartirilsa, har yili 3 milliondan ortiq kishi tashrif buyuradigan bu majmuaga kirish hamma uchun bepul bo‘lishini va’da qilgandi.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu ibodatxona Vizantiya imperatori Konstantin II tarafidan milodiy 360 yilda bunyod etilgan. U yog‘ochdan qurilgan bo‘lgani uchun 404 yilga kelib yonib ketgan. O‘sha yili ibodatxona birinchi bor ta’mirlangan. Masjidning hozirgi binosi esa Vizantiya imperatori Yustinian birinchining buyrug‘iga ko‘ra, 532-537 yillarda barpo etilgan. Uning qurilishi 5 yil-u 10 oy davom etgan. Unda 10 mingdan ortiq quruvchi mehnat qilgan.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15