Ayya Sofiya masjidiga kirish pullik bo‘lyapti

Olam

image

Chet elliklar uchun Turkiyaning Istanbul shahridagi Ayya Sofiya masjidini ziyorat qilish 2024 yilning yanvar oyidan boshlab pullik bo‘ladi. Bu haqda Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy ma’lum qildi. 

“Biz Ayya Sofiya masjidida tashrif buyuruvchilarni boshqarish tizimidan foydalanishga harakat qilmoqdamiz. Tashriflar sifati va xavfsizligi ortadi. Chet elliklarning turizm maqsadidagi tashriflari 15 yanvardan boshlab pullik bo‘ladi. Turkiya fuqarolari uchun tashrif va ibodat bepul bo‘ladi”, deydi Ersoy.

Rasmiylar chet ellik sayyohlar uchun Ayya Sofiyani ziyorat qilishlari uchun masjidga alohida kirish joyi ajratilishini kutmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning iyul oyida Turkiya Davlat kengashi Istanbuldagi Ayya Sofiyani muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi 1934 yilda qabul qilingan Mustafo Kamol Otaturk farmoyishini bekor qildi. Shundan so‘ng, ushbu majmuadan masjid sifatida foydalanilishi ma’lum bo‘ldi. 

Ayya Sofiya masjidga aylantirilishidan oldin unga kirish pullik edi. Turkiya Prezidenti ob’ektning maqomi muzeydan masjidga o‘zgartirilsa, kirish hamma uchun bepul bo‘lishini va’da qilgandi. Ayya Sofiya masjidiga har yili 3 milliondan ortiq kishi tashrif buyuradi. 

Ma’lumot o‘rnida, Ayya Sofiya ibodatxonasi Vizantiya imperatori Konstantin II tarafidan milodiy 360 yilda bunyod etilgan. U yog‘ochdan qurilgan bo‘lgani uchun 404 yilga kelib yonib ketgan. O‘sha yili ibodatxona birinchi bor ta’mirlangan. Ibodatxonaning hozirgi binosi esa Vizantiya imperatori Yustinyan birinchining buyrug‘iga ko‘ra, 532-537 yillarda barpo etilgan. Ibodatxonaning qurilishi 5 yilu 10 oy davom etgan. Unda 10 mingdan ortiq quruvchi mehnat qilgan. Ibodatxona tarixchilar tomonidan o‘sha davrning eng katta binosi sifatida qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ayya Sofiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing