Ayya Sofiya yana masjiddan muzeyga aylantirildimi?
Olam
−
16 yanvar
5959Turkiya Prezidenti ma’muriyati qoshidagi dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi ijtimoiy tarmoqlarda Ayya Sofiya masjidi yana muzeyga aylanishi haqidagi ma’lumotni rad etdi. Bu haqda markazning X (sobiq Twitter)dagi xabarida aytiladi.
“Ayya Sofiya masjidi yana muzeyga aylandi, degan iddaolar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Masjidga namoz o‘qish uchun kelganlar va madaniy maqsadda tashrif buyuruvchilarni ajratish hamda kirishda olomonning oldini olish bo‘yicha ishlar yakunlandi. 15 yanvardan boshlab yangi qoidalar joriy qilingan. Ushbu qoidalar doirasida Ayya Sofiya masjidini muzeyga aylantirish mumkin emas”, deydi rasmiylar.
Markazning tushuntirishicha, namoz o‘qish uchun kelgan dindorlardan kirish uchun chipta xarid qilish talab etilmaydi, sayyohlar esa chipta sotib olishlari kerak.
“Sayyohlik marshrutlarida xavfsizlik choralari ko‘rildi. Quloqchinlar tizimi va QR kodli ilova tufayli tashrif buyuruvchilar dindorlarni bezovta qilmasdan 23 tilda [Ayya Sofiya haqida] ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Kecha, 15 yanvar kuni Ayya Sofiya yangi formatda ishlay boshladi. Chet ellik sayyohlar uchun unga kirish pullik bo‘lib, 25 yevroni tashkil etadi. Turk fuqarolari va masjidga tashrif buyuruvchi ibodatchilar uchun kirish bepul. Ushbu qoidalar olti oy oldin ishlab chiqilgan. Turkiya Madaniyat va turizm vazirligining tushuntirishicha, bunday qarorga jahon amaliyoti va ibodatxonaga kirishdagi navbatlarni bartaraf etish sabab bo‘lgan. Bunga parallel ravishda Turkiya rasmiylari Ayya Sofiyani qayta tiklash ishlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda.
Sayyohlar uchun masjidning muzey qismiga kirish janubiy vestibyuldan tashkil qilingan, u yerda uchta chipta kassalari joylashgan. Ichkariga metall detektordan o‘tib, galereya qavatiga olib boradigan yo‘lak bo‘ylab kirish mumkin. U yerda Vizantiya davridagi mozaikalarni va masjidning ichki qismini deyarli to‘liq ko‘rish mumkin. Asosiy zalda namozgohlar joylashgan, hududning aksariyat qismiga kirish sayyohlar uchun imkonsiz bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning iyul oyida Turkiya Davlat kengashi Istanbuldagi Ayya Sofiyani muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi 1934 yilda qabul qilingan Mustafo Kamol Otaturk farmoyishini bekor qildi. Shundan so‘ng, ushbu majmuadan masjid sifatida foydalanilishi ma’lum bo‘ldi.
Ayya Sofiya masjidga aylantirilishidan oldin unga kirish pullik edi. Turkiya Prezidenti ob’ektning maqomi muzeydan masjidga o‘zgartirilsa, kirish hamma uchun bepul bo‘lishini va’da qilgandi. Ayya Sofiya masjidiga har yili 3 milliondan ortiq kishi tashrif buyuradi.
Ma’lumot o‘rnida, Ayya Sofiya ibodatxonasi Vizantiya imperatori Konstantin II tarafidan milodiy 360 yilda bunyod etilgan. U yog‘ochdan qurilgan bo‘lgani uchun 404 yilga kelib yonib ketgan. O‘sha yili ibodatxona birinchi bor ta’mirlangan. Ibodatxonaning hozirgi binosi esa Vizantiya imperatori Yustinyan birinchining buyrug‘iga ko‘ra, 532-537 yillarda barpo etilgan. Ibodatxonaning qurilishi 5 yilu 10 oy davom etgan. Unda 10 mingdan ortiq quruvchi mehnat qilgan. Ibodatxona tarixchilar tomonidan o‘sha davrning eng katta binosi sifatida qayd etilgan.
LiveBarchasi