Ayya Sofiya taqdiri hal bo‘ldi
Olam
−
10 iyul 2020
12928Turkiya Davlat kengashi Istanbuldagi Ayya Sofiyani muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi 1934 yilda qabul qilingan Mustafo Kamol Otaturk farmoyishini bekor qildi. Bu haqda “CNN Turk” xabar berdi.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, endilikda Ayya Sofiyadan masjid sifatida foydalanish mumkin.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an avvalroq Ayya Sofiya maqomini muzeydan masjidga aylantirish uchun Davlat kengashi qarorini kutayotganini ma’lum qilgandi.
Kalavaning uchi
Joriy yilning 2 iyul kuni Turkiya Oliy sudi Avliyo Sofiya ibodatxonasining maqomi Prezident farmoni bilan o‘zgartirilishi mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ta’kidlanishicha, mamlakatning birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturkning 1934 yilda qabul qilingan Avliyo Sofiya ibodatxonasining maqomi to‘g‘risidagi farmoyishi qonuniy hisoblanadi, ammo amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an uni o‘zgartirish huquqiga ega.
Avliyo Sofiya yana masjidga aylantirilsa, u yerda 15 iyul – Turkiyada davlat to‘ntarishi o‘tkazishga bo‘lgan urinishning to‘rt yilligi munosabati bilan namoz o‘qilishi taxmin qilinyapti. Bu o‘z navbatida yakuniy qaror qabul qilishga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.
AQSH va Gretsiyaning og‘ziga urgan Erdo‘g‘an
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2019 yilning mart oyida TRT telekanaliga bergan intervyusida ushbu muzey yana masjidga aylantirilishiga ishora bergan edi. Joriy yilning 29 may kuni Istanbul shahri Fotih Sulton tarafidan fath etilgan kun munosabati bilan Ayya Sofiyada Qur’oni karimning Fath surasi o‘qildi. Shundan so‘ng bahs-munozaralar avjiga chiqdi.
Bu orada holatga Gretsiya Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirib, Ayya Sofiyada Qur’on oyatlarining o‘qilishini, xristianlarning diniy tuyg‘ulari oyoqosti qilinishi deb baholadi.
Oradan ko‘p o‘tmay, AQSH Davlat departamenti ham holatga nisbatan munosabatini bildirib, Ayya Sofiyaning ko‘p dinli tarixini saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlashini ochiqlagan. Departament Xalqaro diniy erkinlik to‘g‘risidagi hisobotlarni ro‘kach qilgan.
Prezident Erdo‘g‘an kechagi nutqida AQSH va Gretsiyaning iddaolariga qarshi gapirarkan, Turkiyaning ichki ishlariga boshqa mamlakatlarning aralashishga haqi yo‘qligini urg‘uladi. U so‘zida davom etarkan, Turkiya barcha din vakillariga ochiq mamlakat ekanini qayd etdi.
3 iyul kuni Istanbuldagi yangi masjid qurilishiga tamal toshi qo‘ygan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Turkiyaning ichki ishlariga aralashishga hech kimning haqi yo‘qligini eslatib, shunday degandi:
“Biz dunyoning boshqa o‘lkalarida o‘z vatandoshlariga xizmat qilib kelayotgan ibodatxonalarning ishiga aralashmayapmizmi, demak boshqalarning ham bizning ibodatxonalarimiz ishiga aralashishga haqi yo‘q”.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15