Istanbulning qalbi – Ayya Sofiyaning taqdiri Erdo‘g‘anning kaftlari orasida qolmoqda
Olam
−
02 iyul 2020
10899Avvalroq, Turkiyadani eng qadimiy cherkovlardan biri Avliyo Sofiya masjidga aylantirilishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
Bugun, 2 iyul kuni Turkiya Oliy sudi Avliyo Sofiya ibodatxonasining maqomi Prezident farmoni bilan o‘zgartirilishi mumkinligi to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ta’kidlanishicha, mamlakatning birinchi Prezidenti Mustafo Kamol Otaturkning 1934 yilda qabul qilingan Avliyo Sofiya ibodatxonasining maqomi to‘g‘risidagi farmoyishi qonuniy hisoblanadi, ammo amaldagi davlat rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an uni o‘zgartirish huquqiga ega.
Avliyo Sofiya yana masjidga aylantirilsa, u yerda 15 iyul – Turkiyada davlat to‘ntarishi o‘tkazishga bo‘lgan urinishning to‘rt yilligi munosabati bilan namoz o‘qilishi taxmin qilinyapti. Bu o‘z navbatida yakuniy qaror qabul qilishga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.
AQSH bunga qarshi
O‘z navbatida, AQSH bu masalada Turkiyaga bosim o‘tkazyapti. Xususan, AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo Turkiya hukumatini Avliyo Sofiyaning hozirgi maqomida qoldirishga chaqirgan.
Turkiya esa bunga javoban Avliya Sofiya ibodatxonasi mamlakat mulki hisoblanishi va uning maqomini belgilash davlatning ichki ishi ekanini eslatib qo‘ydi.
Bundan tashqari, Konstantinopol patriarxligi yepiskopi patriarx Varfolomey bu Avliyo Sofiyaning masjidga aylantirilishi millionlab xristianlarning Islom diniga qarshi bo‘lib qolishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ayya Sofiya tortishuvlari ortida nima bor?
Ayya Sofiya ibodatxonasi aslida Vizantiya imperatori Konstantin ikkinchi tarafidan 360 yilda bunyod etilgan. U yog‘ochdan qurilgan bo‘lgani uchun 404 yilga kelib yonib ketgan. O‘sha yili ibodatxona birinchi bor ta’mirlangan. Ibodatxonaning hozirgi binosi esa Vizantiya imperatori Yustinyan birinchining buyrug‘iga ko‘ra, 532-537 yillarda barpo etilgan.
Ibodatxonaning qurilishi 5 yilu 10 oy davom etgan. Unda 10 mingdan ortiq quruvchi mehnat qilgan. Ibodatxona tarixchilar tomonidan o‘sha davrning eng katta binosi sifatida qayd etilgan.
1204 yilgacha u ko‘plab zilzilalar va yong‘inlarni boshdan kechirgan va ta’mirlangan. O‘sha yili salibchilarning qo‘liga o‘tgan ibodatxona 1261 yilgacha Rim katolik cherkoviga aylantirildi. 1261 yilda vizantiyaliklar Istanbulga egalikni qaytarib olgach, Ayya Sofiyadan yana pravoslav cherkovi sifatida foydalanildi.
1453 yil 29 mayda Usmonli imperiyasi sultoni Fotih Sulton Mehmet Istanbulni egallab olganda, Ayya Sofiya yaralangan Vizantiya askarlari, ayollar va bolalar uchun boshpana bo‘lgan.
1453 yil 1 iyunda Istanbulda birinchi juma namozini o‘qigan Fotih Sulton Mehmet, Ayya Sofiya Usmonli hukmronligi ostida masjid bo‘lib xizmat qilishini e’lon qildi. Mehrob va minbar qurildi, qo‘ng‘iroq va xoch olib tashlandi. Devordagi suratlar berkitildi.
1616 yilga kelib, Ayya Sofiyaning qarshisida Sulton Ahmad masjidi barpo etilgunga qadar ushbu masjid mamlakatdagi eng kattasi sanalar edi.
1739 yilda Ayya Sofiyaga yondosh madrasa, kutubxona va oshxona binolari qurildi. 1847-1849 yillardagi ta’mirlash ishlari sabab yopilgan Ayya Sofiya oxirgi bor masjid sifatida 1849 yilda ochildi.
Masjidning muzeyga aylanishi
1923 yilga kelib Turkiya o‘zini Respublika deb e’lon qildi. 1931 yilga kelib, Ayya Sofiya yopildi.
1931 yilda Amerika Vizantiya instituti asoschisi, arxeolog Tomas Uittimor Turkiyadan Ayya Sofiyadagi mozayka-suratlarni tiklashni talab qilab qiladi. O‘sha vaqtda Prezident Mustafo Kamol Otaturk mozaykalarni tiklashga oid ruxsati bilan boshlangan ishlar 15 yil davom etdi va 1947 yilda yakunlandi.
Ish boshlanganidan biroz vaqt o‘tgach, 1934 yil 2 noyabr kuni Vazirlar Kengashi Ayya Sofiyani muzey sifatida ochishga qaror qildi. Shunday qilib Ayya Sofiya 1935 yil 1 fevraldan e’tiboran muzey sifatida ish boshladi. 1996 yilda u dunyo madaniy meroslari ro‘yxatiga kiritildi.
1997 yildan 2002 yilgacha uning gumbazi va minoralarida ta’mirlash ishlari olib borilgan. Binoning turli qismlarida hamon ta’mirlash va tiklash ishlari davom etmoqda.
Ayya Sofiya Turkiyaning eng ko‘p odam tashrif buyuruvchi ziyoratgohlaridan biri sanaladi. Uni 2015 yilda 3 million 425 ming, 2017 yilda esa 1 million 892 ming kishi ziyorat qilgan.
Ish boshida Erdo‘g‘an
Aslida Ayya Sofiyani masjid o‘laroq foydalanilishi ustidan bahs-munozaralar doimiy ravishda bo‘lib kelgan. Biroq, munozara 2019 yilda Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anning TRT telekanaliga bergan intervyusidan keyin yanada jonlandi. O‘shanda Erdo‘g‘anga “ushbu muzeyga kirishni Turkiya fuqarolari uchun bepul qilish mumkinmi?”, degan savol bilan murojaat qilingan.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15