Endi xavfli chiqindi chiqaruvchi tashkilotlarning hisoboti yuritiladi
Jamiyat
−
17:49 248 2 daqiqa
O‘zbekistonda xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan yangi choralar belgilandi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 3 avgust kuni qabul qilingan “Xavfli chiqindilarni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–289-son qarorida so‘z boradi.
Qarorga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlar, ya’ni bunday chiqindilar egalari bo‘lgan yuridik shaxslar bir qator majburiyatlarga ega bo‘ladi.
Jumladan, ular ekologik ekspertiza xulosasi asosida xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha yillik rejalar ishlab chiqishi va Chiqindilarni boshqarish hamda sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining hududiy boshqarmalari bilan kelishishi kerak bo‘ladi.
Yillik rejalarda quyidagi choralar nazarda tutiladi:
- xavfli chiqindilar hosil bo‘lish hajmini kamaytirish;
- ularni qayta ishlash ulushini oshirish va xavfsiz joylashtirish;
- qayta ishlash, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish yoki ko‘mish bo‘yicha tegishli vakolat va infratuzilmaga ega, shuningdek, ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi mavjud bo‘lgan ixtisoslashgan tashkilotlarga topshirish.
Shuningdek, foydalanishdan chiqarilgan xavfli chiqindilar saqlanayotgan maxsus inshootlar va ochiq maydonlar ularni ekologik qayta tiklash uchun zarur mablag‘lar bilan birga bepul asosda agentlikka o‘tkaziladi.
Qarorga muvofiq, joriy yilning 1 oktyabrdan xavfli chiqindilarni hosil qiluvchi tashkilotlarning statistik hisobotlari yil yakuni bo‘yicha shakllantirib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi